Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan konstitutsiyada inson salomatligi himoyasi yanada mustahkamlandi
14:01 / 2023-04-16

Bugun biz muhim siyosiy jarayon - “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan umumxalq referendumi arafasida turibmiz. Joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan ushbu tadbir mamlakatimiz, xalqimizning porloq kelajagini, fuqarolarimiz huquq va erkinliklari himoyasini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Aytish joizki, umumxalq muhokamasidan o‘tgan va ayni kunlarda yurtdoshlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiluvchi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining har bir moddasi xalqimiz bilan maslahatlashgan holda tayyorlandi.  

Konstitutsiyaviy islohotlar keng qamrovli bo‘lib, ulardan eng muhim va e’tiborlisi sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish masalasini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilishidir. Yurtimizda yashovchi har bir shaxsning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish kafolati uning davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi. Jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiyada mamlakatimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lash bilan bir qatorda, sog‘liqni saqlash tizimi, fuqarolar salomatligi muhofazasiga ham alohida ahamiyat qaratilgan.  

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 48- moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli”, deb yozib qo‘yilgan. Bu albatta, aholi salomatligini saqlashga qaratilgan e’tibordir.

Bu borada mamlakatimizda dastlabki qadamlar qo‘yilgan. Davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida yurtimizda ixtisoslashgan tibbiyot markazlari, ularning yuzdan ortiq filiallari samarali faoliyat olib bormoqda. Bularning barchasi fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan amaliy choralardir.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan yana bir yangi normaning ahamiyati shundaki, davlat o‘z fuqarolarining moddiy ahvolidan qat’i nazar kafolatlangan bepul tibbiy yordam bilan qamrab olinishini kafolatlaydi. Bu bilan davlat fuqarolar, ayniqsa, moddiy va yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashni, ularga zarur darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ko‘mak berilishini o‘z zimmasiga oladi.  

Bir so‘z bilan aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda xalqimiz salomatligi davlat himoyasida ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Umumxalq referendumida xalqimiz salomatligining kafolati bo‘lgan Konstitutsiya qonun loyihasini barcha yurtdoshlarimiz qo‘llab-quvvatlaydi.  

 

Madaminjon MADAZIMOV,

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori,

“Adolat” SDP Andijon viloyat kengashi raisi.  

O‘zA