Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari kafolati sezilarli darajada kuchaytirilmoqda
16:51 / 2023-04-15

Insonga tegishli bo‘lgan tabiiy va ajralmas huquqlar sirasiga uning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati, ozodligi, tengligi, erkin bo‘lishi, xavfsizligi, daxlsizligi kabilar kiradi. Bu huquqlar qonunlarda belgilanganligi yoki belgilanmaganligidan qat’i nazar, insonga tug‘ilganidan boshlab beriladigan huquqlar sanaladi.

Shu bois inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat, deb tan olgan O‘zbekiston inson huquqlariga oid 80 ga yaqin xalqaro hujjatga a’zo bo‘lgan. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, so‘nggi olti yillikda mamlakatda sud-tergov jarayonidan tortib, insonning kundalik turmush-tarzigacha bo‘lgan har jabhada inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli ta’minlashga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Quvonarlisi, ushbu o‘zgartirishlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham mustahkamlab qo‘yilmoqda. Jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 19-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar», deya belgilab qo‘yilmoqda.

Albatta, bunday normaning mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan Bosh Qomusimizda belgilab qo‘yilayotganligi mamlakatimiz bu borada boshlagan islohotlardan hech qachon ortga qaytmasligini anglatadi.

Jumladan, 20-moddada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak ekanligi belgilanmoqda.

Bu esa davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi hamda insonga qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ammo yana bir haqiqat borki, doim ham qonunchilik har tomonlama mukammal bo‘lavermaydi. Aytaylik, insonlar davlat organiga murojaat qilsa-yu, biroq uning ishiga tegishli qonunchilikda qarama-qarshiliklar va noaniqliklar bo‘lganida, ish qanday hal etilishi kerak yoki manfaatlar to‘qnashuvi ro‘y bergan holatlarda o‘rtada fuqarolarning sarson bo‘lib qolmasliklarining oldini olish uchun-chi? Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada shu kabi savolli vaziyatlarda to‘laqonli inson huquqlari ta’minlanishi lozimligi belgilab qo‘yilmoqda.

Xususan, 20-moddaning beshinchi qismida inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilanmoqda. Endilikda, fuqaro davlat organlari bilan bo‘ladigan har qanday huquqiy munosabatlarda qonunchilikdagi bo‘shliqlar sabab o‘zini oqlash uchun isbot keltirishi shart bo‘lmaydi.

Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar soni sezilarli tarzda oshirilmoqda. Buni homiladorligi yoki bolasi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishidan tortib, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik sukut saqlash huquqi berilayotganida ham ko‘rishimiz mumkin.

Shu bois xalq vakili sifatida barcha yurtdoshlarimizni 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etib, o‘z huquqimiz, erkinligimiz va kelajagimiz uchun ovoz berishga chaqiraman.

Oltinoy MAMIROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati