Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Konstitutsiya – Yangi O‘zbekiston asosi
14:23 / 2023-03-18

Andijonda “Konstitutsiyaviy islohotlar – inson qadri uchun” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, joriy yilning 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14 martdagi qarorlariga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi o‘tkaziladi.  

 Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ana shu muhim voqealik munosabati bilan “Adolat” SDP Andijon viloyat kengashi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda partiyaning viloyat kengashi faollari, shahar va tuman kengashlarining raislari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari, “Yosh adolatchilar” hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

 Davra suhbatida dastlab “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonovning mavzu doirasidagi ma’ruzasi tinglandi.  

— Har sohada yangilanib borayotgan yangi O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida referendum muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Abdukamol Rahmonov. – Yaqin bir yil davomida asosiy qonunimizni takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, ana shu yo‘nalishdagi ishlar keng jamoatchilikning takliflari asosida maromiga yetkazildi. Endi umumxalq muhokamasi natijasida ishlab chiqilgan qonun loyihasi referendum yo‘li bilan qabul qilinadi. Yurt taqdiriga, porloq kelajagiga befarq qaramaydigan har bir fuqaro, ayniqsa, siyosiy partiyalar faollarining ushbu jarayonda, uni o‘tkazish bilan bog‘liq targ‘ibot tadbirlarida faol qatnashishi rneferendumning muvaffaqiyatli o‘tishiga yordam beradi.  

Davra suhbatida vatanimiz taqdiri va ravnaqi, inson qadri, yurtdoshlarimiz haq-huquqlari himoyasini o‘zida mujassam etgan Yangi O‘zbekistonning Konstitutsiyaviy qonun loyihasi, mazkur hujjatning ahamiyati, muhim jihatlari haqida ma’lumotlar berildi.  

Yangilanayotgan Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi rivojiga xizmat qiladi. Unda eng avvalo “Inson qadri uchun” g‘oyasi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bosh qomusimizda amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirishni, ya’ni inson manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan.  

— Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi, haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, – deydi “Adolat” SDP Qo‘rg‘ontepa tumani Kengashi raisi Fotimaxon Siddiqova. –  Bu “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir” degan tamoyilga to‘la mos keladi. Shunda har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” deb g‘urur bilan ayta oladi.  

Yangi tahrirga asosan, O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirildi, 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarishlar kiritilmoqda. Bu o‘zgarishlar shubhasiz, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning haq-huquqlarini himoyalash va O‘zbekistonning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.  

Tadbirda ishtirokchilar qonun loyihasi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi. Jamoatchilik orasida amaldagi qonunchilik asosida referendumni o‘tkazilishi, fuqarolarning unda ishtiroki bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish bo‘yicha vazifalar belgilandi.  

F. UBAYDULLAEV,  

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA