Mamlakatimizda joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan konstitutsiyaviy qonun bo‘yicha xalq saylovi — referendum arafasida turli soha vakillari mamlakatimiz aholisini konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.
– Yangi konstitutsiyaviy qonun loyihasida farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida teng ekanligi hamda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekani mustahkamlab qo‘yilmoqda, – deydi Bektemir tumani “Bektemir” MFY mahalla xotin-qizlar faoli Alsu Mahkamova. – Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra, onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Mahalla xotin-qizlar faoli ekanman, mahallamdagi barcha xotin-qizlarning yangilanayotgan Konstitutsiyaga befarq emasligiga aminman. Oilaning baxtli ekani butun bir jamiyatning baxtidan darakdir. Shuning uchun biz xotin-qizlar mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan referendumga befarq emasmiz.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA