Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Konstitutsiya: nafaqat bugunimiz, balki kelajagimiz uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega
17:32 / 2023-04-25

Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayoni mavjud huquqiy bazani, aynan Asosiy qonunimizni tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni hayotning o‘zi taqozo etgani hech kimga sir emas.

“Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalq bo‘lishi kerak”, degan g‘oya loyihani ishlab chiqishda asosiy mezon vazifasini o‘tadi. Pirovardida esa aholidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi va muhimi, ularning aksariyati qonun loyihasidan o‘rin egalladi.

Umumxalq referendumiga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda, avvalo, huquqshunoslar, olimlar, mutaxassislar, ekspertlar, muhimi, butun xalqimiz ijodiy tafakkurining bebaho mahsuli sifatida yaratilgan Konstitutsiyaviy qonunning eng asosiy jihatlariga yana bir bor e’tibor qaratishni o‘rinli, deb bildik.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyili mustahkamlanayotganligini alohida aytish zarur.

Bosh qomusda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 barobarga ko‘paytirilib, aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlari, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib yashashini ta’minlash hisobga olinishi, kafolatlangan tibbiy yordam, davlatning ta’limning barcha shakllariga g‘amxo‘rlik qilishi  va o‘qituvchi maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda.

Ma’lumki, davlatlarning doimiy do‘stlikka asoslangan munosabatini rivojlantirish hamda jahon va mintaqa darajasida tinchlikni ta’minlash xalqaro munosabatlarning dolzarb masalalaridan sanaladi. Shu ma’noda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishi qat’iy belgilanayotganligini ta’kidlash zarur.

Qayd etish joizki, tinchliksevar siyosat deganda, davlatlarning siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy tizimlari va ularning rivojlanish darajasidan qat’i nazar, erkinlik, tenglik, adolat va insonning asosiy huquqlarini hurmat qilish, davlatlar va xalqlar o‘rtasida tinchlikni mustahkamlash tushuniladi.

Loyihaning 21-moddasida “Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas”, degan normaning mustahkamlanayotgani ham o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Mazkur norma jismoniy va yuridik shaxslar faqat Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlarida majburiy etib belgilanganidan tashqari, boshqa biror-bir majburiyatni bajarishga burchli emasligini, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari ham ularga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklash vakolatiga ega emasligini anglatadi.

Bu esa amaliyotda ayrim holatlarda uchrab turadigan biror-bir qonunda ko‘rsatilmagan majburiyatni yoki qandaydir vazifani (masalan, jamoat ishlariga jalb qilish, ish vaqtidan tashqari yoki dam olish kunlari ishlash) tashkilot rahbari tomonidan xodimga yuklash kabi salbiy holatlarga qat’iyan chek qo‘yadi.

Ta’kidlash lozimki, dunyodagi barcha o‘zbeklar o‘zaro madaniy aloqalarni saqlab qolish maqsadida chet elda taxminan 500 dan ortiq o‘zbek milliy-madaniy markazlari faoliyat yuritadi.

Shundan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz loyihasining 23-moddasida “Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi”, degan norma belgilanmoqda.

Bu chet elda yashayotgan, ishlayotgan, ta’lim olayotgan yurtdoshlarimizning O‘zbekiston bilan doimiy aloqada bo‘lishiga, tili, madaniyati, urf-odatlari va an’analarini saqlab qolish hamda rivojlantirishga, o‘zlarining tarixiy Vatani — O‘zbekiston obro‘sini yanada oshirishga o‘z hissasini qo‘shishlariga xizmat qiladi.

Ayonki, yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqi bo‘lib, u mamlakatda o‘lim jazosini belgilash, tayinlash va ijro qilishni inkor etadi. O‘lim jazosi eng og‘ir jinoiy jazo bo‘lib, u qo‘llaniladigan deyarli barcha davlatlarda o‘ta og‘ir, inson hayotiga qasd qiladigan jinoyatlar uchungina ko‘zda tutilgan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 25-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan norma mustahkamlanmoqda. Shu o‘rinda aytish kerak, 1994 yili qabul qilingan Jinoyat kodeksidagi 33 ta modda bo‘yicha o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin edi. Keyinchalik jinoiy jazolar liberallashtirilib, 2008 yilgacha qonunchilikka muvofiq ikki turdagi jinoyat, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun o‘lim jazosi qoldirilgan.  2008 yil 1 yanvardan barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosi bekor qilingan. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish nafaqat o‘lim jazosini bekor qilishni, balki qat’iy ravishda O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi va qayta tiklanmasligini ko‘zda tutadi.

Konstitutsiyaga bu norma kiritilishi bilan O‘zbekiston insonparvarlik g‘oyalariga sodiqligini namoyon etadi, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda o‘lim jazosini qaytarish bo‘yicha har qanday tashabbuslarga barham beradi. Pirovardida esa har bir insonning, hatto, u jinoyat sodir etgan bo‘lsa ham, yashash huquqining kafolatlanishiga xizmat qiladi.

Haqiqatan ham, o‘lim jazosi muayyan darajada jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qiladi. Ammo bu oxirgi yechim emas. Masalan, o‘lim jazosi qo‘llandi, deylik, lekin uning salbiy jihatlari ham bor. Suddagi xatolik sababli aybsiz bo‘lgan shaxslarning o‘limga hukm qilingan holatlari ham ko‘plab topiladi. Bunga o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarini misol keltirsa bo‘ladi. Masalan, Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek, Fitrat va boshqa yurtdoshlarimiz qatag‘on qurboni bo‘lgandan keyin oqlanyapti. Buni ortga qaytarib bo‘lmaydi.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumning huquqiy himoyasini ta’minlashda aybsizlik prezumpsiyasi muhim ahamiyatga ega. Shu bois yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi 28-moddasida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan quyidagi kafolat belgilanmoqda: “aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak”.

Aytish lozimki, muayyan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvchi, tergovchi tergov harakatlari, sud esa sud tergovi orqali dalillar to‘playdi. Ayrim holatlarda to‘plangan dalillarni baholashda ularga nisbatan shubha paydo bo‘lishi mumkin. Bunda, shubhalar ayblov tomonga ishlatilishi kerakmi yoki himoya foydasigami, degan savol yuzaga keladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasiga kiritilayotgan ushbu norma bunday vaziyatda aybdorlikka oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumning foydasiga hal qilinishini qat’iy mustahkamlamoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 32-moddasida “Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno”, degan norma ham kiritilayotir.

Sir emaski, mamlakatimizning yaqin o‘tmishida erkin harakatlanish huquqini asossiz cheklovchi qonunosti hujjatlari mavjud edi. Masalan, ba’zida fuqarolarimiz poytaxtga kelish uchun yo‘llardagi nazorat postlaridan pasportsiz o‘ta olmas edi. Ularning bilim olishi, davolanishi, ishlashi yoki qarindoshlarini ko‘rishi uchun poytaxtga kelib turishida ham qiyinchiliklar mavjud edi.

Fuqarolarimizning xorijga chiqishi uchun esa ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish talab etilardi. Bunday to‘siqlarning aksariyati Harakatlar strategiyasi doirasida bartaraf etildi. Xususan, yo‘llarda nazorat postlari olib tashlandi, “propiska”, xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibi bekor qilindi.

Bu esa O‘zbekiston hududida bo‘lib turgan har kim respublikaning xohlagan joyiga borish, sayohat qilish, bilim olish, ishlash, tadbirkorlik qilishi imkoniyatini beradi.

Huquqiy davlatning eng muhim vazifalaridan biri mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash hamda mulkdor huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish uchun zarur iqtisodiy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.

Shu munosabat bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 47-moddasida quyidagi normalar aks etmoqda: “Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi”.

Mazkur modda bilan uy-joy mulkdorlariga nisbatan ikki turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilanmoqda: sud kafolati va uy-joy uchun kompensatsiya olish kafolati.

Sud kafolati uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi. Bu kafolat uy-joyga nisbatan mulk huquqi mulkdorning erki-xohishidan qat’i nazar, majburiy tarzda bekor bo‘layotganda qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Bunda sud tomonidan mulk huquqining bekor bo‘lishiga sabab bo‘luvchi holatlar amaldagi qonun hujjatlari asosida ob’ektiv tarzda ko‘rib chiqiladi. Mazkur tartib mulkdor har qanday holatda ham asossiz ravishda uy-joyidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.

Ikkinchi kafolat mulkdorning iqtisodiy manfaatlari himoyasiga yo‘naltirilganligi bilan e’tiborlidir. Mazkur norma qonunda belgilangan hollarda va tartibda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorning shu uy-joy va yetkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya olishini kafolatlaydi.

Bu normaning kiritilishi uy-joy mulkdori huquqlarini kafolatli ta’minlashga, uy-joylarni noqonuniy olib qo‘yilishi bilan bog‘liq nizoli holatlarning oldini olishga, sud himoyasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi aniq belgilanmoqda.

Qayd etish lozimki, qabul qilinayotgan qonunlarning asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishdan iborat bo‘lib, kimgadir ortiqcha majburiyat yoki xarajat yuklamasligi kerak. Aksincha, qonunlar insonlar og‘irini yengil qilib, turmush tarzi farovon kechishini ta’minlashi lozim.

Lekin, qonunda shaxsga nisbatan uning harakatiga mutanosib bo‘lmagan huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilsa-chi? Ushbu holatni quyidagi misolda ko‘rib chiqamiz. Deylik, fuqaroning ipoteka kreditidan 3 million so‘mlik uch oylik qarzi bor. Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, bank qarzdorni sudga beradi. Lekin bu masalada da’vo arizasi 3 million so‘m, ya’ni real qarz bo‘yicha emas, balki kreditning to‘lanmagan qismiga, deylik, 250 million so‘mga nisbatan beriladi. Sud arizani ko‘rib chiqib, qarzdordan 10 million so‘mdan ortiq davlat boji undirish va shartnomani bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi. 3 million so‘mni to‘lay olmagan fuqaro 10 million davlat bojini qanday to‘laydi? Bu misoldan ko‘rish mumkinki, sud qo‘llagan huquqiy ta’sir chorasi maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib emas.

Shu nuqtai nazardan, bu qoida davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi hamda insonga qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqish Konstitutsiyaviy sudning vakolati sifatida Konstitutsiyada aks ettirilishi lozim”ligini ta’kidlagan edi.

Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz loyihasining 133-moddasiga fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli ekanligiga oid maxsus norma kiritildi.

Fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi Belgiya, Vengriya, Germaniya, Latviya kabi xorijiy davlatlar konstitutsiyalarida ham belgilangan.

Fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilayotganligining ahamiyati shundaki, Konstitutsiyaga zid bo‘lgan qonunlar amaliyotda qo‘llanilayotgan bo‘lsa, ularning Konstitutsiyaga muvofiqligini vaqtida ta’minlashga, Konstitutsiyaga nomuvofiq qonunlar bilan kelgusida boshqa shaxslar huquqlari buzilishining oldini olishga, Bosh qomus ustunligini ta’minlashga, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiya o‘z mazmun-mohiyati va qamrovi bilan nafaqat bugungi kun, balki mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ishonchimiz komilki, butun xalqimiz referendumda faol ishtirok etib, el-yurtning istiqboli uchun ovoz beradi.

Qutbiddin BURHONOV,

Oliy Majlis Senatining

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi

         O‘zA

--0—

NA.