Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi muhokamada
12:16 / 2023-03-25

Surxondaryo viloyatida yangilanayotgan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan uchrashuv, davra suhbatlari va boshqa targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.

Tog‘li va chekka Boysun tumanida bo‘lib o‘tgan tadbir ham yangilanayotgan asosiy qonunimiz loyihasiga bag‘ishlandi. Tumandagi ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy soha xodimlari, mahalliy kengash deputatlari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputati, Termiz davlat universiteti rektori A.Maraximov va boshqalar Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasiga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar haqida keng tushuntirish berdi.  

Bosh Qomusimizda kiritilayotgan o‘zgarishlar inson qadrini ulug‘lab, ko‘p millatli xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishning, olis va tog‘li hududlarni ham yangi bosqichda rivojlantirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi. So‘lim va purviqor tog‘lar qo‘ynidagi Boysun tumani so‘nggi yillarda qiyofasini tubdan o‘zgartirib, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanayotgan hududga aylanmoqda. Yerosti va yer usti boyliklarini o‘zlashtirishga, tumanning yirik turistik salohiyati va agrar tarmoq imkoniyatlaridan oqilona foydalanishga, milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy servis va xizmat ko‘rsatish yildan-yilga yuksalib borayotir. Barcha sharoitlarga ega ko‘p qavatli uylar bunyod etilmoqda. Yangi-yangi ijtimoiy soha inshootlari qurilib, ishga tushirilayotir. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi oshib bormoqda. Viloyat markazidan olis tumanda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar boysunliklarning qadrini ulug‘lab, turmush darajasini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakatimiz tinchligi, obodligi yo‘lida olib borilayotgan bunday ulug‘vor ishlarni izchil davom ettirishning hamda xalqimiz hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun uning huquqiy asoslarini mustahkamlayotgani to‘g‘risida fikr yuritib, barchani Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol qatnashishga chaqirdi.  

Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri