Insoniyat yaralibdiki adolat va tenglik uchun kurashib keladi. Bu kurash urush yoki jangu jadal ko‘rinishidagina emas, ko‘p hollarda ilmu urfon, ma’rifat nurini tarqatish usulida namoyon bo‘lganiga tarix guvohlik beradi. Jumladan, Sohibqiron Amir Temur, Ahmad Farg‘oniy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ajdodlarimizning adolat borasidagi amaliy ishlari tahsinga sazovor. Jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosi hozirda ham biz uchun muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida Amir Temur bobomizning quyidagi so‘zlari keltiriladi: “...o‘z qudratimni saqlash uchun men bir qo‘limda adolat shamini va ikkinchi qo‘limga beg‘arazlik shamini tutib, har ikkala sham bilan butun umr bo‘yi o‘z yo‘limni yoritib yurdim. Barcha qilmishlarimda ana shunday adolat qoidalariga rioya qildim”.
Bugun mamlakatimizda Uchinchi Renessans barpo etilayotgan bir davrda buyuk sarkardaning har bir o‘giti, ilm-ma’rifat va adolat borasidagi saboqlari ulkan maqsadlarimiz yo‘lini yoritayotgani, Yangi O‘zbekiston poydevoriga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotgani ayni haqiqatdir. Zero, katta g‘ayrat-shijoat bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Amir Temur bobomizning dunyoqarashi va tutumlariga mohiyatan uyg‘undir.
Binobarin, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasini tayyorlashda fuqarolarning o‘zaro teng huquqliligi, qonun oldidagi javobgarlik va majburiyatda ham adolat mezonlari asos qilib olingani fikrimiz dalilidir.
Inson qadri ulug‘ ekanligi, huquq va manfaatlari kafolatlanayotgani bosh qomusimizda aks etmoqda. E’tiborlisi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Misol uchun, 42-moddada mehnat qilish huquqlari mustahkamlanmoqda: “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”.
Buyuk vatandoshimiz Ahmad Farg‘oniyning turli sohalardagi yutuq va kashfiyotlari talaygina. Lekin alloma tomonidan Qohira shahri yaqinidagi Ravza orolida Nil daryosi suv sathini o‘lchash maqsadida qurilgan inshoot – nilomer (ba’zi sharq mutafakkirlari asarlarida – “Miqyos an-Nil”) hali-hanuz adolat va tenglik ramzi sifatida qadrlanib keladi. Binobarin, bu qurilma nafaqat qurg‘oqchilik yoki toshqindan darak bergan, balki soliqlar to‘lashda adolatli hukm chiqarishga ham asos bo‘lgan. Misol uchun, falon vaqtda toshqin yoki falon oyda qurg‘oqchilik bo‘lgani munosabati bilan imtiyoz va cheklovlar vujudga kelgan, bu me’yorlar mahalliy soliq qonunchiligida o‘z aksini topgan.
Yana bir alloma yurtdoshimiz Burhoniddin Marg‘inoniyning shoh asari “al-Hidoya” eng mo‘’tabar huquqiy qo‘llanma sifatida sakkiz asrdan buyon butun islom dunyosi, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya va arab davlatlarida eng muhim va ishonchli manbalardan biri vazifasini o‘tab kelmoqda, qo‘llanma sifatida islomiy universitetlar o‘quv dasturlariga kiritilgan.
Burhoniddin Marg‘inoniy bu kitobda o‘z davrida va keyinchalik ham mo‘min-musulmonlar duch keladigan dolzarb hayotiy masalalar, jumladan, oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va mas’uliyatiga taalluqli juda ko‘p murakkab muammolarni islomiy huquq nuqtai nazardan hal etib berdi. Burhoniddin Marg‘inoniyning eng muhim xizmati – vaqt o‘tishi bilan diniy sohada vujudga keluvchi muammoli savollarga batafsil javob topish, fiqhiy izohlash va mukammal bayon qilish bo‘ldi. Zero, har qanday qonuniy asos yoki hukm ma’lum vaqt o‘tishi bilan o‘zgartirish, to‘ldirish, izohlash yoki yangilashga muhtoj bo‘lib qolishi mumkin.
Xuddi shunday holatni mamlakatimiz Bosh qonuniga kiritilayotgan o‘zgartirishlarda ham ko‘rib turibmiz. Misol uchun, davlat va mamlakat taraqqiyotida salmoqli o‘ringa ega bo‘lgan o‘qituvchi kasbiga oid alohida modda kiritilmoqda. “Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar” deb nomlangan 9-bobdagi 52-moddada “O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”, deyilgan. Bu bilan, davr taqozosiga ko‘ra, o‘qituvchi faoliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yoki 27-moddada quyidagilarni o‘qiymiz: “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart”.
Ya’ni Konstitutsiyaga shaxs erkinligi va daxlsizligiga oid butunlay yangi – zamonaviy modda kiritildi, deyish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi tahrirda qabul qilinadigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘lig‘icha adolat prinsiplariga asoslangani bilan ahamiyatli. Zero, inson qadri va sha’ni ulug‘ hisoblangan Yangi O‘zbekistonning Bosh qomusi avvalo xalqaro huquq normalari, qolaversa, milliy o‘zligimiz hamda mentalitetimizga mos va xos bo‘lishi zarur.
Ma’sudjon Sulaymonov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari