Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Adliya vazirligi va O‘ZNNTMA bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”da “Yangilanayotgan Konstitutsiya: Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish kafolati” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
Tadbirning maqsadi — fuqarolik jamiyati institutlarining Yangi Konstitutsiya va referendum targ‘iboti tajribalarini ommalashtirish hamda targ‘ibot texnologiyalarini yanada kuchaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

— Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning XIII bobi Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga bag‘ishlandi,—deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi yetakchi mutaxassisi Jasur Do‘stmurodov. — Ushbu bo‘limning 69-moddasida “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi. Fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati qonunga muvofiq amalga oshiriladi”, deya qayd etilgan.
Mazkur o‘zgartirishlar mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 11 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari, 2 mingdan ortiq OAV, 9300 dan ziyod fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos ya’ni konstitutsion kafolat bo‘ladi.
Shuningdek, tadbirda hududlarda tashkil etilgan “NNTlar uyi”da videokonferensiya orqali fuqarolik jamiyati institutlari xodimlarining fikr-mulohazalari, takliflari ham tinglandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA