English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan konstitutsiya fuqarolarning uzluksiz ta’lim olish imkoniyatini kafolatlaydi
19:25 / 2023-03-28

Munosabat

Yaqin-yaqingacha bolalar mehnati jamiyatimiz uchun begona tushuncha emas edi. Ammo, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar sabab yurtimizda bolalar mehnatiga chek qo‘yildi. Mehnatga oid xalqaro hujjatlardan kelib chiqqan holda milliy qonunchiligimizda bolalar mehnatining og‘ir shakllari yoki ularning majburiy mehnati qat’iy taqiqlandi. Natijada 2019 yilning 1 aprel kuni Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotida Jahon banki tomonidan O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berilgani e’lon qilindi.

Bunday o‘zgarish mamlakatimiz yoshlari uchun ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu salbiy holatlar qayta uchramasligini ta’minlash, yoshlarimiz har doim o‘z iqtidorlarini namoyish etish uchun ta’lim va tarbiya olishini kelajakda ham mustahkamlab qo‘yish maqsadida qonunchiligimizdagi bolalar huquqlari borasidagi o‘zgartirishlar yangilanayotgan Konstitutsiyada ham qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Xususan, 44-moddada bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi, deya belgilanmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan mazkur norma bolalar mehnatining og‘ir shakllaridan himoya qilish, ularni sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun muhim huquqiy kafolatdir.

Shuningdek, 50-moddada ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi belgilanmoqda. Unga ko‘ra, sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolalar faqatgina ixtisoslashgan maktablarda emas, hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishi yo‘lga qo‘yilishi Yangi O‘zbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasidir. Albatta, yoshlarimizning barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishlarida uzluksiz ta’lim tizimi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham yoshlarimizning oliy ta’limga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, barcha yoshlarga oliy ta’lim olish imkoniyati yaratib berilmoqda. Xususan, 51-moddada fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi norma sifatida kiritilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtidorli yoshlar uchun davlat granti asosida bakalavriat va magistratura bosqichida ta’lim olish orqali hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini kengaytirishdir.

Mazkur konstitutsiyaviy qoidaning belgilanishi bu boradagi ijobiy yo‘nalish doimo saqlab qolinishini, davlat oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari yo‘qolmasligini kafolatlaydi. Shu bilan birga, davlat hisobidan ajratiladigan bepul oliy ta’lim olish kafolatini tanlov asosida, keng raqobat sharoitlarini yaratgan holda munosib bo‘lgan nomzodlargina qo‘lga kiritishi uchun zamin yaratadi. Iqtidorli yoshlarning bepul oliy ma’lumot olishi esa mamlakatimiz kelajagini belgilashda muhim kuch bo‘lgan yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlarni yetishtirishga xizmat qiladi.

Muzafara ABDIEVA, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA