Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va bir guruh deputatlar Andijon viloyatida mahalla faollari, ishlab chiqarish korxonasi mehnat jamoalari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashib, yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilgan normalar, ularning mazmun-mohiyati, ahamiyati to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.
Muloqotlarda so‘zga chiqqanlar yangilanayotgan Bosh qomusimizda xalqimizning fikri, xohish-irodasi, barcha toifalarning — yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘qituvchilarning huquq va manfaatlari aks etgani, yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar ruhi ifodalangani, undagi normalar fuqarolarning farovon yashashiga, davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.
Ortiqali IBRAGIMOV, Oltinko‘l tumanidagi «Bo‘ston» MFY raisi:
— Mahallamizda 3,5 ming aholi istiqomat qiladi. Oxirgi besh yilda mahallada 6 ta sanoat korxonasi, 1 ta tibbiyot muassasasi bunyod etilib, ishga tushdi. Ayni vaqtda ularda 300 dan ziyod mahallamiz fuqarolari mehnat qilishmoqda. Fuqarolarimiz yaratilgan shart-sharoitlardan juda xursand. E’tiborlisi, so‘nggi ikki yilda «Ochiq byudjet» axborot portalida 4 ta loyihamiz g‘olib bo‘ldi. Mahallamizga ichimlik suv tarmoqlari tortildi, simyog‘ochlar to‘liq yangilandi, asfaltlanmagan ko‘cha qolmadi, desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish, davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olish, shaharsozlik, byudjet sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi huquqlarning kiritilishi fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytiradi.
Avazbek ISMOILOV, Oltinko‘l tumanidagi «Bo‘ston» MFY faoli:
— Mahalla — inson qadr-qimmati yaqqol ko‘rinadigan mehr-oqibat maskani ekanligi bilan qadrli. Bizda azal-azaldan qattaga hurmat, kichikka izzat, nochorga ko‘mak, bir-biriga mehr, odob-ahloq tarbiyasi mahalla qadriyati sifatida shakllangan. Bu qadriyatlarimizga juda ko‘p xalqlar havas qilishadi. Ularni asrab-avaylashimiz kerak. Asosiy qomusimizga kiritilgan «Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart» degan qoida har birimizga o‘zimizning madaniyatimizni, ma’naviyatimizni asrash va kelajak avlod — yoshlarimizga yetkazishda mas’uliyat yuklaydi.
Gulbahor TEMIROVA, Paxtaobod tumanidagi «Al-Hakim» korxonasi ish yurituvchisi:
— bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak darajadagi e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlardan juda mamnunmiz. Xususan, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yosh qizlarimizning ta’lim olishiga katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalasi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, qonunlar va turli qarorlar qabul qilinishida ishtirokini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi. Biz, albatta referendumda faol ishtirok etamiz.
M.Komilova, O‘zA