Yangilanayotgan Konstitutsiyani takomillashgan yangi hujjat, uni jamiyatdagi real voqelikka, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi ulkan marralarga moslashtirish bugungi kunning asosiy talablardan biri.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda “Yangilanayotgan Konstitutsiya demokratik rivojlanishning muhim huquqiy poydevoridir” mavzuida targ‘ibot tadbirini o‘tkazdi.
Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiya to‘g‘risidagi qonun, uning mazmun-mohiyati hamda joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladigan umumxalq referendumi haqida qo‘mita xodimlariga ma’lumot berildi.
Konstitutsiyaviy referendum va uni o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tadbir davomida Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlarning har biri bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi va fikrlar almashildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, yangilanayotgan Konstitutsiya Raqobatni rivojlantirsh va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi faoliyatida ham muhim dasturilamal hujjat hisoblanadi. Jumladan, Bosh qomusimizning 65-moddasi XII bobining “Jamiyatning iqtisodiy negizlari” bandida fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi belgilangan. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi belgilab berilgani ahamiyatlidir.
Shu bilan bir qatorda, Bosh qomusimizning 67-moddasiga asosan tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli. O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi. Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklandi. Bu qoidalarning barchasi mazkur sohaning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi tabiiy, albatta.
O‘zA