Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Konstitutsiya: Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlariga oid normalar 3 baravar ko‘paymoqda
14:57 / 2023-03-09

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishida yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama etildi.

Jumladan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida yangilanayotgan Konstitutsiyada aholining barcha qatlami manfaatlari inobatga olingani, uni ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida keng jamoatchilik faol ishtirok etgani, bu jarayonda O‘zXDP tomonidan ham qator takliflar berilgani qayd etildi.  

Deputatlar O‘zbekiston «ijtimoiy davlat» degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlanayotgani, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 baravar oshayotganiga alohida e’tibor qaratdilar.  

— Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining qator me’yorlarida ijtimoiy himoya, huquqlar va imkoniyatlar tengligi aniq belgilanmoqda, — deydi fraksiya a’zosi Mavjuda Hasanova. — Xususan, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlatga qator yangi majburiyatlar yuklanayotgani partiya saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalarga hamohangdir. Qonun loyihasida pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi ham belgilab qo‘yilmoqda. Fuqarolar tibbiy yordamning qonunda kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli ekani o‘z aksini topmoqda. 

Shuningdek, davlat zimmasiga aholi ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklanmoqda. Ushbu normalar partiyamiz elektorati manfaatlariga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.  

Bildirilgan fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi fraksiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.  

 

M.Komilova,  

O‘zA