Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Konstitutsiya: Davlat yoshlarni o‘z himoyasiga oladi
14:52 / 2023-03-24

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida ko‘plab soha va yo‘nalishlar qatorida yoshlar masalasiga ham alohida ustuvorlik berilgan. Alohida bir bob — XIV bob oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangan.

Bu boradagi o‘zgarish va yangilanishlar yoshlar vakillari tomonidan mamnuniyat bilan e’tirof etilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlarga oid huquqlar xususida Yoshlar parlamenti a’zosi Nodirbek Murodov quyidagilarni ta’kidlaydi:  

— Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlarga oid qator normalar o‘z ifodasini topmoqda. Alohida bir bobning oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani yurtimizda yoshlar huquqlarini himoya qilishga qanchalik e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.    

Davlat yoshlarni o‘z himoyasiga oladi. Jumladan, yoshlar huquqlari aks etayotgan alohida moddaga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilanmoqda.    

Yaxshi bilamizki, o‘qishni bitirgan har qanday yosh ishlashi, uylanishi, uyli-joyli bo‘lishi lozim. Ammo bularning barini birdaniga hal qilish juda qiyin. Shu bois davlat bu kabi masalalarni o‘z zimmasiga olmoqda. Yoshlarning ishga joylashishiga, uy-joyga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi.    

Demak, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi normalar biz uchun ayni muddaodir. Shunday ekan, biz yoshlar ham Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga befarq bo‘lmay, joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda o‘z ovozimiz bilan ishtirok etishimiz lozim.    

Muhtarama Komilova, O‘zA