Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiluvchi Bosh Qomusimizning takomillashtirilishi eng avvalo, inson qadrini ulug‘lash, uning haq-huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda amaldagi qomusimizni yanada takomillashtirish, qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi ilgari surilgan edi. Ushbu tashabbus xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, amaldagi konstitutsiyamizni yangilash bo‘yicha nafaqat oddiy fuqarolar, balki olimlar, siyosatchilar, umuman, yurtimiz keng jamoatchiligi tomonidan juda ko‘p takliflar berildi. Ana shu takliflar mutaxassislar, Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari tomonidan o‘rganib chiqildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasining har bir moddasi xalqchil tarzda keng jamoatchilik, xalqimiz bilan maslahatlashgan holda takomillashtirildi. Qonun loyihasida ustuvor yo‘nalish sifatida inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmatini ulug‘lash, huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Keyingi yillarda aholini har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston siyosatining bosh maqsadiga aylandi. Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida qonun loyihasida ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani mustahkamlab qo‘yish taklifi bildirildi. Bu yurtimizda inson qadriga bo‘lgan e’tiborning yana bir namunasi bo‘ladi.
Xalqchil, inson qadr-qimmatini ulug‘lash, fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlashga, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz, yurtimiz yorqin kelajagini ta’minlashga oid normalarni o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasini shu yurtning bir fuqarosi sifatida to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Qolaversa, qonun loyihasida belgilangan normalar partiyamiz dasturiy maqsad va vazifalari bilan hamohang ekanligi, ayniqsa, ijtimoiy himoya masalasiga alohida e’tibor qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Yangilanayotgan konstitutsiya bizniki, barchamizniki. Shunday ekan Konstitutsiyaviy Qonun loyihasini barcha yurtdoshlarimiz albatta, qo‘llab-quvvatlaydi.
Fotimaxon Siddiqova,
“Adolat” SDP Qo‘rg‘ontepa tumani kengashi raisi.
O‘zA