Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Jizzax – OAV nigohida
13:34 / 2022-05-31

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jizzax viloyati hokimligi tomonidan “Yangilanayotgan Jizzax jurnalistlar nigohida” mavzusida xorijiy, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun xalqaro media-tur tashkil etildi.

Tadbir Jizzax shahridagi Sharof Rashidov va o‘zbek adabiyotining ikki buyuk qalb egasi Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim haykallari poyiga gul qo‘yish va ularning xotirasini yod etish bilan boshlandi. Zardo‘zlik, kashtachilik, hunarmandchilik namunalaridan tashkil topgan ko‘rgazma va Jizzax milliy liboslari, Forish tumanidagi “Bog‘don gullari” folklor etnografik xalq ansambli a’zolarining chiqishlari namoyish etildi. 

Viloyat hokimi o‘rinbosari – investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Nodir Nurmatov viloyatga jalb etilgan xorijiy va ichki investitsiyalar, viloyat sanoati salohiyati xususida ma’lumot berdi. Ijodiy uyushmaga a’zolikka qabul qilinganlarga a’zolik guvohnomalari va ko‘krak belgilari taqdim etildi. Media-tur ishtirokchilari Sambhram texnologiya universiteti faoliyati, ta’lim jarayoni, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, Jizzax shahridagi “Olmazor Siti” massivida joylashgan “NEW LAND” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Farali textele” tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi. 

Korxona bolalar, ayollar va erkaklar kiyimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, mahsulotlarning asosiy qismi eksportga, bir qismi ichki bozorga mo‘ljallangan. Bu yerda mingdan ortiq “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatidan joy olgan xotin-qizlar mehnat qilayotir. 

– Ikki yil muqaddam Jizzaxda bo‘lgan edim, – deydi TASS (Rossiya) muxbiri Valeriy Biryukov. – Qisqa vaqt ichida katta o‘zgarishlar bo‘libdi. Ilgari Jizzaxda 4-5 ta 9 qavatli uy bo‘lardi. Bugun esa “Olmazor Siti” ning o‘zida jahon andozalariga mos barpo etilgan, eng muhimi barcha qulayliklarga ega o‘ndan ortiq 16 qavatli uylar qad rostlagan. 

So‘ngra tadbir ishtirokchilari “IT PARK” Jizzax filialiga bordi.

– “IT PARK” faoliyati chuqur taassurot qoldirdi, – deydi “Fergana.ru” (Rossiya) muxbiri Andrey Kudryashov. – Bu yerda tayyorlanayotgan soha mutaxassislari bilan suhbatlashib, ikki karra lol qoldim. Yangilanayotgan Jizzax yoshlarining harakati, izlanishi tahsinga loyiq. 
Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Sanoat, qurilish, ishlab chiqarish, aholi bandligini ta’minlash, fuqarolar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ijtimoiy va yana boshqa ko‘plab masalalarda ma’lumot berildi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan barcha xalqaro talablarga, jahon standartiga to‘la javob bera oladigan velodrom tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

– Bu yerga tez-tez kelib turaman, – deydi “Ishonch”-“Doveriya” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Husan Ermatov. – Jizzaxda bo‘layotgan o‘zgarishlar doimiy diqqatimda turadi. Tashqaridan, aniqrog‘i poytaxtdan turib qaraganda, Jizzax go‘yo sokin oqayotgan daryoga o‘xshaydi. Uni kelib, xuddi bugungidek ichiga kirib, yaqindan tanishgandan so‘ng fikringiz butunlay o‘zgaradi. Birgina mana shu ob’ekt jahonda 20 ta. Ana shu 20 ta davlatning 1 tasi Yangi O‘zbekistonning Jizzax viloyatida. Bu quvonarli, albatta. 

[gallery-7356]

“Yangilanayotgan Jizzax jurnalistlar nigohida” xalqaro media-turning birinchi kunini “ADM Jizzakh” avtomobil zavodining yig‘uv jarayoni bilan tanishish tadbiri yakunladi. Ushbu zavodda “KIA” rusumidagi avtomobillarning 5 turi yig‘ilib, hozircha ichki bozorga chiqarilmoqda. Korxonada 250 nafardan ziyod kishi mehnat qiladi. Ularning ishlashi, dam olishi, ovqatlanishi va umuman unumli mehnat qilishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Kelgusi yildan yangi sex faoliyatini boshlash rejalashtirilgan. Yaqin kelajakda esa mahalliylashtirish jarayoni amalga oshirilib “KIA” va “RENO” avtomobillarining barcha zarur qismlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Korxona to‘liq ishga tushirilgach  2 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.

– Zavodda yig‘ilayotgan avtomobillarni ko‘rib o‘rgandim, yurgizib ko‘rdim, – deydi Buyuk Britaniyaning “Reyter” agentligi muxbiri Muhammadsharif Mamatqulov. – Bu yerda 1 soat davomida 5 ta avtomobil yig‘ilar ekan. Ushbu zavodda ishchi-xizmatchilarning 90 foizi mahalliy yoshlar ekan. Ular o‘ziga juda ishonmoqda. Ishonch bo‘lsa, oldiga qo‘yilgan barcha marralarga erishish mumkin. 

Media-tur davomida xorijiy, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari Sharof Rashidov hamda Zomin tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar bilan ham tanishishadi. 

A.Qayumov, 
J.Yorbekov (surat), O‘zA