Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangihayotliklar qanday muammolarni ko‘tarishdi?
15:36 / 2021-06-24

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan Yangihayot tumanida tashkil qilingan ommaviy qabullarda murojaatchilar bilan yuzma-yuz bo‘lib, muammolarni o‘rganish va ularga yechim topish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilash kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘ldi.

Qabullarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar sudlari hamda 20 dan ziyod vazirliklar, idora-tashkilot rahbar xodimlari ishtirok etdi.  

Ommaviy muloqotlarda Oliy sud va tizim sudyalari tomonidan 130 ta murojaat ko‘rib chiqildi. 19 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi.49 ta murojaat ijobiy hal etildi,62 ta murojaat nazoratga olindi.  

 Qabullar jarayonida tashkil etilgan sayyor sud majlislarida 9 nafar shaxsning ishi har tomonlama ko‘rib chiqilib, 5 nafar shaxs javobgarlikdan ozod etildi.  

 Yangihayot tumanida yashab kelayotgan Rahimjon Otaullayev sud hukmiga binoan ikki yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlashdan mahrum etilib, unga nisbatan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanilgan edi. Fuqaroning yengillik berishni so‘rab qilgan murojaati, jazoni o‘tash davrida o‘zini har jihatdan munosib tutgani inobatga olinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudining qarori bilan u shartli ravishda o‘talmay qolgan 1 yil 3 oylik jazosidan ozod etildi.  

 Ma’lumki, poytaxt atrofida uzumchilik va bog‘dorchilik shirkatiga qarashli dala hovlilar mavjud. Yillar davomida mazkur dala hovlilarda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish uchun odamlar ko‘chib kela boshlagan. Natijada bu yerlarda muqim o‘rnashib qolishgan. Odamlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan uy joylar barpo etilishi natijasida o‘z-o‘zidan ko‘chalar, xonadonlar vujudga kelgan. Ammo kadastr hujjatlarida dala hovli sifatida qayd etilib qolavergan.  

 2011 yilda hukumat tomonidan shu kabi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan dala hovlilarga amnistiya e’lon qilinib, mulk huquqi berishga ruxsat etilgan. Biroq, 6 ta ana shunday shirkatga qarashli dala hovlilar qolib ketgan. Ularning bir qismi Quyichirchiq, Zangiota va Bektemir tumanlari hududini egallagan. Ayni paytda Bektemir tumaning bir qismi Yangihayot tumaniga o‘tishi munosabati bilan shirkatga qarashli dala hovlilar ham shahar hududiga kiritiladi. Bu yerdagi holat shundan iboratki, aholi punktining maqomiga haligacha aniqlik kiritilmagan. Har bir qurilgan xonadonlarga mulk huquqi berilmagan va kadastr hujjatlari qilinmagan. Ushbu hududda yashovchi Umida Nishonbekova ushbu manzilda 390 ta oilaga mulk huquqi berilishi va kadastr qilinishi, mahalla mahalla maqomi zarurligi yuzasidan Toshkent shahar xalq qabulxonasi mutasaddilariga murojaat qildi. Mazkur masala «yo‘l xarita»siga kiritilib, Vazirlar mahkamasiga shirkat hududi o‘rnida yangi mahalla barpo qilish, oilalarga mulk huquqi berish bo‘yicha taklif kiritildi.  

 Tumanning «Sholikor» mavzesida istiqomat qiluvchi Muborak Rahmatova taqdir taqozosi bilan qo‘shni davlat fuqarosiga turmushga chiqqan. Ammo hayot ekan, yana o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtiga qaytgan. Shundan buyon oradan 25 yil vaqt o‘tdi-yu biroq o‘z yurti fuqaroligini ololmasdan kelayotgan edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan fuqarolik olishning soddalashgani Muborak Rahmatovaning orzulari ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ldi. Yurtdoshimizning murojaati Bosh prokuratura mutasaddilari tomonidan qabul qilinib, ijobiy hal qilinadigan bo‘ldi.  

 Uch kunlik ommaviy qabullarda sog‘liqni saqlash vazirligi va tizim idoralari tomonidan 43 ta murojaat ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, shundan 18 tasi joyida ijobiy hal etildi. «Binokor» mahallasida yashovchi Yekaterina Sergeyevaning 4 yoshli o‘g‘li Artyomning oyog‘ida tug‘ma nuqsoni bor. Shu bois, yurishga qiynaladi. U chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik hamda malakali muolajaga muhtoj. Bola vazirlik yo‘llanmasi bilan Respublika bolalar milliy markaziga tibbiy ko‘rik uchun yuboriladigan va tahlil natijalariga qarab, shu markazda davolanadigan bo‘ldi.  

 Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan 34 ta murojaat ko‘rilgan bo‘lib, shundan 19 tasi joyida hal etildi. Xususan, nogiron farzandini yolg‘iz boshi bilan katta qilib kelayotgan Feruza G‘ulomova shu paytgacha ishsiz edi. Ommaviy qabuldagi murojaatidan so‘ng u

«Ayollar daftari»ga kiritildi, qaramog‘ida nogiron farzandi borligi inobatga olinib, unga o‘z uyida bandligini ta’minlash uchun sharoit yaratib beriladigan bo‘ldi. Aniqrog‘i, tikuv mashinasi olib berildi, Feruza bilan tikuv korxonasi o‘rtasida shartnoma tuzildi. U buyurtma asosida tikish bilan shug‘ullanadi.  

 Yangihayot tumanidagi ommaviy qabullarda fuqarolar tomonidan jami 884 ta masala ko‘tarilgan bo‘lsa, ularning 139 tasiga joyida yechim topildi, 87 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 658 ta masala nazoratga olindi.