Poytaxtimizning Yangihayot tumaniga tashkil etilgan press-turda jurnalistlar va jamoatchilik vakillari yoshlar ta’lim-tarbiyasi, zamonaviy sharoitlarda bilim olishi va aholining ijtimoiy farovonligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jumladan, press-tur ishtirokchilari Chortoq mahallasida 333-sonli umumta’lim maktabining yangidan barpo etilgan binosini foydalanishga topshirish marosimida qatnashdi.
Tadbirda qayd etilganidek, avvalgi maktab binosi 1974 yilda qurilgan bo‘lib, atigi 320 nafar o‘quvchiga xizmat ko‘rsatib kelgan. Vaqt o‘tishi bilan aholining soni ortishi va yangi ta’lim muassasalariga ehtiyoj kuchaygani bois, eski bino zamonaviy talablarni qondira olmay qolgan.
Yangi maktab binosida esa keng va yorug‘ sinfxonalar, fan xonalari, kompyuter zali, kutubxona hamda sport zali zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Press-tur vakillarining keyingi manzili Yangi Gulzor mahallasida joylashgan 335-sonli umumta’lim maktabi bo‘ldi. Mazkur ta’lim muassasasida hozirda yangi qo‘shimcha o‘quv binosining qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.
Yangi maskan 720 o‘rinli bo‘lib, Yangi Gulzor mahallasida istiqomat qiluvchi o‘quvchilar uchun xizmat qiladi. Hozirda mavjud binoda o‘quvchilar soni haddan tashqari ko‘payib ketgani sababli, dars jarayonlari ikki smenada o‘tilmoqda. Yangi binoning foydalanishga topshirilishi bilan esa darslar bir smenada, qulay sharoitlarda tashkil etiladi.
[gallery-25210]
Yangihayot tumanida bunyod etilayotgan mazkur maskanlar yosh avlod uchun katta imkoniyat eshigini ochib, nafaqat ta’lim sifati, balki hududdagi ijtimoiy hayot darajasining ham yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev(foto), O‘zA