Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangihayot tumani fuqarolarining sog‘lig‘ini saqlash masalalari qanday hal etilyapti?
14:20 / 2022-03-29

Poytaxtimizda Yangihayot tumani tashkil etilganiga endigina bir yildan oshdi. Tumanda aholi sog‘lig‘ini saqlash, reproduktiv salomatligini yaxshilash, tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘nalishida ko‘p ishlar qilinmoqda.

 Sog‘liqni saqlash borasida oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, tumanda faoliyat yuritayotgan 19 ta tibbiyot muassasasidan 6 tasi davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Bular markaziy ko‘p tarmoqli va 65-, 66-sonli oilaviy poliklinikalar hamda shahar teri tanosil kasalliklari dispanseri, respublika ruhiy asab kasalliklari shifoxonasi va 1-son shahar tug‘ruq kompleksidir. Tuman tasarrufidagi davlat tibbiyot muassasalarida 867 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Shundan, shifokorlar soni 196 nafarni, hamshiralar soni 474 nafarni, kichik tibbiy xodimlar soni 85 nafarni, texnik xodimlar soni 112 nafarni tashkil etadi. 

Tuman mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan yangi barpo etilgan 65, 66-sonli oilaviy poliklinika va markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi 2 milliard so‘mlik birlamchi tibbiy asbob-uskunlar bilan ta’minlandi. Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikada vaksina va dori vositalarini saqlash uchun uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida generator o‘rnatildi. 

65, 66-sonli oilaviy poliklinika va Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi hamda uning Binokor filialida zamonaviy “Meddata” tibbiy axborot almashinuv tizimi joriy etildi. 

“Yorqin hayot” MFY hududidagi 1-son shahar tug‘ruq kompleksini 3 milliard so‘mlik tibbiy asbob-uskunalar (IVL, Drager, avtoklav, kolpaskop va boshqalar) bilan jihozlashga erishildi. Tez tibbiy yordam kelishida muammo mavjudligi bois, 1 milliard so‘mga 2 dona maxsus zamonaviy “Volkswagen” tibbiy yordam mashinasi xarid qilindi.  

– Tumanimiz aholisining 41 ming 302 nafari koronavirusga qarshi emlandi, – deydi  Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Saida Mirrahimova. – Ularning 47 ming 540 nafari emlashning birinchi bosqichini, 44 ming 961 nafari ikkinchi bosqichini, 12 ming 522 nafari esa uchinchi bosqichini qabul qildi. Tumanda jami 51 ming 382 nafar aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina qilish rejalashtirilgan. Aholining qolgan qismini emlash ishlari davom ettirilayapti. 

Hokim o‘rinbosari Mirzohid Komilovning ta’kidlashicha, joriy yilda ham tumanda sog‘liqni saqlash sohasida bir qancha ishlar amalga oshiriladi. Xususan, 1-son shahar tug‘ruq kompleksining Yangihayot va Sergeli tumanlariga xizmat qo‘rsatishida yuqori yuklama vujudga kelayotganligi inobatga olinib 165 ta koyka sonini 200 o‘ringa oshirish, shuningdek, Xushnud mahallasi hududida yangi qurilayotgan oilaviy poliklinikaning qurilish ishlarini yakunlash, tez-tibbiy yordam stansiyasini qurish va jihozlash ishlarini jadallashtirish, Toshkent shahar Teri-tanosil dispanserini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, tuman Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasini kapital ta’mirlash ishlarini yakunlash maqsad qilingan.  

 
Mohigul Qosimova, O‘zA