Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangihayot ko‘rkini buzayotgan eski yo‘llar... yana eski muammo...  (+video)
15:00 / 2023-05-19

Yangihayot tumani Xo‘ja Uchqun mahallasi, “Ohangguzar” ko‘chasining ta’mirtalabligi bilan bog‘liq holat O‘zAda o‘tgan yili (02.07.2022) e’lon qilingan edi. “Yangihayotning eski yo‘llari qachon hayotga qaytadi?» sarlavhasi ostida yoritilgan ushbu maqolada tumanning “Ohangguzar” ko‘chasidagi avtomobillar qatnash yo‘li katta-kichik chuqurliklardan iboratligi, yo‘l chetidagi simyog‘ochlarning yaroqsizligi haqida hikoya qilingan.

“Yo‘llar eski, muammo eski. Holat yoritilganidan bir yil o‘tib ham bu son-sanoqsiz chuqurliklardan iborat yo‘llar ta’mirlanmadi”...  

Mahalliy aholi va haydovchilardan iborat fuqarolarning bir nechasi agentligimizga qo‘ng‘iroq qilib, shu mazmunda qoldirgan takroriy murojaatidan so‘ng, yana ushbu manzilga yo‘l oldik. 

5 may kuni. Tumanning “Binokor” ko‘chasi bo‘ylab agentlikning xizmat mashinasida boryapmiz. Bizni ko‘chaning boshidanoq nosoz yo‘llar qarshiladi. 

Holatni birma-bir tasvirga olib, belgilangan manzilga yetdik. Achinarlisi, yo‘llar o‘tgan yildagidan ham ayanchli ahvolga kelgan. O‘tgan-ketgan yengil va og‘ir yuk tashish mashinalari esa yo‘lda erkin harakatlanishga qiynalmoqda. Chuqurlikka tushmaslik uchun tezlikni minimal darajada pasaytirib kelayotgan haydovchilarni ko‘rib, achindik. Ular tor bo‘lgan yo‘lning foydalanishga yaroqsiz qismini aylanib o‘tib, asfalt qilinmagan yo‘lakdan yurmoqda. Kamiga bu yo‘lda transport vositalari qarama-qarshi holatda harakatlanadi. Yo‘lning transport qatnovi qismida harakatning tartibini belgilovchi birorta belgi yoki chiziq ko‘rmadik. 

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash va tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarorining IV bandi, ya’ni vakolatli organlar tomonidan avtomobil yo‘llari va uning mintaqasini nazorat qilish tartibiga oid qismida keltirilishicha, “yo‘llardan foydalanishda sodir bo‘lgan va transport vositalari harakatlanishiga to‘sqinlik qiluvchi, harakat xavfsizligiga zid kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish uchun amalga oshiriladigan kundalik nazorat Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan amalga oshiriladi”. 

Haydovchilar “bu muammodan bezib qolganliklari, simyog‘ochlardagi chiroqlar ishlamasligi bois chuqurlarga bir necha marotaba tushib, transport vositasining yaroqsiz holga kelayotgani”dan shikoyat qiladi.

O‘ylanib qoldik, har yili ular muntazam ravishda to‘lab kelayotgan bojlar aslida nima uchun? Haydovchilar ana shu to‘lovlar uchun ham risoladagi yo‘llardan harakatlanish huquqiga ega emasmi? Buni qaysi tashkilot o‘z nazoratiga oladi? Nega bu ma’lumotlar ochiq tarqatilmaydi?

Davlat Soliq Qo‘mitasi matbuot kotibining aytishicha, yo‘l fondi uchun soliq avval bo‘lgan, keyinchalik bekor qilingan. Hozirda aksiz solig‘i bor, uni benzin va gaz sotganlar to‘laydi. 

Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunning 3-bob, 12-moddasiga muvofiq har yili benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetiga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga to‘liq hajmda o‘tkazilib kelinadi. Bu esa yo‘l ta’miri uchun ham ushbu byudjetlar mablag‘laridan yo‘naltiriladi, degani. Biz tilga olayotgan nosoz yo‘lga kelganda esa uzoq yillardan buyon nima muammo bo‘lib kelayotgani ayni paytda mavhum bo‘lib qolmoqda. Bu yuzasidan mas’ul tashkilotlar xalq oldida rasmiy izoh berishi kerak!

Yo‘llarning uzoq yillardan buyon asfalt qilinmay kelinayotganini aslida mutaxassis bo‘lmagan kishi ham bir qarashda payqashi mushkul emas. Ayrim fuqarolar o‘z hamyonidan mablag‘ sarflab, chuqurliklarni qo‘lda yamab kelganliklarini aytmasa, asfalt sobiq ittifoq davrida yotqizilgan, degan fikrga kelasiz. 

Vaholangki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida, Avtomobil yo‘llarini boshqarish bo‘yicha maxsus vakolatli organ Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan kelishgan holda, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini bir yilda ikki marta — bahor va kuzda mavsumiy ko‘rikdan o‘tkazib, ko‘rik natijalari asosida yo‘l-transport hodisalari ko‘paygan yo‘l qismlarini kelgusi yil ta’mirlash rejasiga kiritish bo‘yicha tegishli organlarga taklif taqdim etishi kerak edi. 

Agar, qarorda belgilangan vazifalar tegishli idoralar tomonidan o‘z vaqtida bajarilganida edi, uzoq yillardan buyon ta’mirga ehtiyoj sezib kelayotgan bu yo‘llardan harakatlanishda haydovchilar bunchalik qiynalmagan bo‘lar edilar... 

O‘tgan yil(2022 y.)i muammo yuzasidan agentlikda maqola e’lon qilinganidan ikki kun o‘tib, Yangihayot tuman hokimligining mana bunday rasmiy munosabati e’lon qilingan edi: 

“Aytilayotgan manzil Toshkent viloyati Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi balansida bo‘lib, ko‘cha haqiqatdan ham ta’mirtalab holatda. Hozirda ko‘chani Toshkent viloyati Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasidan Toshkent shahar Yangihayot tumani Obodonlashtirish boshqarmasi balansiga topshirish-qabul qilish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Ishlar yakunlangach, joriy ta’mirlash uchun dasturga qo‘yiladi. Rejaga muvofiq, 2022-yilning sentyabr oyi yakuniga qadar ushbu ko‘chani joriy ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi”, deyilgan edi, rasmiy munosabatda. 

Biroq mana, joriy yilning may oyi o‘rtalariga kelib ham muammo hanuzgacha bartaraf etilmagan. Ko‘chaning yoritish tizimlari esa Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, joriy yil yakuniga qadar, ta’mir navbati kelishini kutmoqda. 

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/mGDUnMNd7wE" title="Yangihayot ko‘rkini buzayotgan eski yo‘llar... yana eski muammo...  (+video)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Biz hokimlik rasmiy munosabatida keltirib o‘tilgan “balansdan chiqarish va topshirish” ishlari qay tartibda yakunlanganiga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent viloyati Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasiga keldik. Surishtiruv davomida Xo‘ja Uchqun mahallasi, “Ohanguzar” ko‘chasidagi ta’mirtalab yo‘lning mutaxassislar tili bilan aytganda «4R-222» yo‘l deb atalishi va Toshkent viloyati Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi huzuridagi “O‘rtachirchiq tumani yo‘llardan foydalanish UK”ga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Balansdan chiqarish va topshirish ishlari qachon amalga oshirilganiyu, qachon ushbu tashkilot nomiga bu yo‘llar o‘tgani haqida hech narsa deyilmadi. 

Tashkilotning bir oy avval tayinlangan ayni paytdagi rahbari esa “joriy yilning 2-chorak oxiri 3-chorak boshlarigacha moliyalashtirilib, 3-chorakda biz nazarda tutayotgan yo‘llarga asfalt yotqizilib, muammo bartaraf etilishi”ni ma’lum qildi. 

Ammo bizga yetib kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda «4R- 222» yo‘lidagi faqat katta-kichik chuqurliklargina yamab ketilmoqda, xolos. Mahalliy aholi esa kuni kecha yuz bergan yog‘ingarchilik natijasida asfalt bilan yamab kelinayotgan kovaklar yana qo‘porilib ketayotganini aytmoqda. Ehtimol, shunga aytishsa kerak: “Eskini yamaguningcha, esing ketadi”, deb. 

Xullas, Yangihayot nomi bilan barpo bo‘lgan yangi tumanda har qancha xayrli ishlar amalga oshirilmasin, barchasining ko‘rkini ushbu “yirtiq-yamoq” yo‘llar buzib turaveradi.

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov O‘zA