Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangidan sayqal topayotgan Samarqand
09:31 / 2022-10-18

18 oktyabr – Samarqand shahar kuni. Qadimiy va hamisha navqiron kentning bayram tadbirlari bugun erta tongdan boshlandi.

Taomilga ko‘ra, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov boshchiligida viloyat va shahar hokimliklari, keng jamoatchilik vakillari Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilinib, qurbonlik amallari bajarildi. Shundan so‘ng, sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi. Ushbu yodgorlik 1996 yilda ulug‘ sarkarda tavalludining 660 yilligi munosabati bilan o‘rnatilgan va 18 oktyabr kuni tantanali ravishda ochilgan edi. Aynan shu kuni ushbu sana Samarqand shahri kuni sifatida e’lon qilingan edi.  

Bu yilgi bayram tadbirlarida xorijiy davlatlarning Samarqand shahri bilan birodarlashgan va tarixiy shaharlari, jumladan, Turkiya, Bursa, Malayziyaning Kuala-Lumpur, Belorusning Bobruysk, Yaponiyaning Nara, Qozog‘istonning Turkiston, Tojikistonning Panjikent shahridan ham mehmonlar ishtirok etmoqda. Ta’kidlash lozimki, bayram oldidan Samarqand yana ham ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqand sammiti munosabati bilan shaharda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yiliga ikki million sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik markazi foydalanishga topshirildi. Yigirmadan ortiq yangi mehmonxona ochildi. Shaharning Bo‘stonsaroy, Ibn Sino, Rudakiy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Registon, Dahbet, Sadriddin Ayniy, Usta Umar Jo‘raqulov singari markaziy ko‘chalar obod qilindi. Bu ko‘chalar atrofidagi turar joy va boshqa ob’ektlar ham milliy va zamonaviy arxitektura uyg‘unligida yangidan bunyod etildi.  

[gallery-9167]

Samarqand xalqaro aeroportining o‘ziga xos ko‘rinishdagi zamonaviy yangi terminali, yangi yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar, yo‘llar va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurildi. 

– Milliy davlatchiligimiz tarixida muhim o‘rin tutadigan va bugun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgan Samarqandda ilk bor bunday keng ko‘lamdagi, yirik xalqaro tadbirning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani barcha hamshaharlarimizga cheksiz faxr va iftixor bag‘ishladi, – deydi Samarqand shahar hokimi F.Umarov. –  Sammitning yuksak saviyada, muvaffaqiyatli o‘tkazilganini bugun dunyo ahli e’tirof etmoqda. Ushbu tadbirdan keyin ham shahrimizda yana bir qator xalqaro forum va anjumanlar, sport musobaqalari tashkil etildi. Yana ko‘plab nufuzli tadbirlarga, delegatsiyalar tashrifiga hozirlik ko‘ryapmiz. Bularning barchasi Samarqandni yana bir bor butun dunyoga namoyon qilib, shahrimizga mahalliy va xorijlik sayyohlar qiziqishini oshirmoqda. Bu esa Samarqand turizmi rivoji uchun xizmat qiladi. 

Bu yilgi bayram tadbirlari ancha erta boshlandi. Shaharning Qorasuv massivi, Farhod va So‘lim shaharchalari, Kimyogarlar qo‘rg‘onida konsert dasturlari namoyish etildi. Ta’lim muassasalarida shahar kuniga bag‘ishlangan tanlovlar, sport musobaqalari o‘tkazildi. Shaharning “Marmar dehqon bozori”da arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkasi tashkil etildi. 

– Yarmarkaga 30 tonna kartoshka, 10 tonna piyoz, 5 tonnadan sabzi, karam, sholg‘om va poliz mahsulotlari keltirganmiz, – deydi Pastdarg‘om tumanidagi “Dilafro‘z” fermer xo‘jaligi rahbari Umida Bulakova. – Samarqandliklar va shahar mehmonlarining bayram dasturxonlari to‘kin bo‘lishi uchun mahsulotlarni arzon narxlarda sotyapmiz.  

Alisher Navoiy ko‘chasida gullar va qushlar ko‘rgazmasi, Universitet xiyobonida turli festivallar, madaniy dastur va konsertlar tashkil qilindi. “Made in Uzbekistan” sanoat yarmarkasida Samarqand shahrida ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish etilmoqda.  

– Samarqandga bo‘lgan sayohatim bayram kunlariga to‘g‘ri kelganidan xursandman, – deydi yaponiyalik sayyoh Xana Kavashima. – Shahar juda go‘zal, odamlar kayfiyati bayramona. Menga bozordagi yarmarka juda yoqdi. Bir necha xil asaldan tatib ko‘rdim va xarid qildim. 

Bayram munosabati bugun Samarqandda yangi mehmonxonalar, IT park va bir qator ishlab chiqarish sub’ektlari faoliyat boshlaydi. Tadbirlar yakunida “Mo‘’jiza” amfiteatrida katta konsert dasturi namoyish etiladi. 

G‘.Hasanov,  
A.Isroilov (surat), O‘zA