Poytaxtimizda ijtimoiy soha ob’ektlarini rivojlantirish investitsiya dasturi doirasida yangidan qurilgan 82-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ish boshladi.
Mazkur binoning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova, Sergeli tumani hokimi Davron Ismatov, mahalla faollari, nuroniylar, ota-onalar ishtirok etib, yangidan foydalanishga topshirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotining imkoniyatlari to‘g‘risida gapirdi. Eng so‘nggi uslubda jihozlangan xonalarni ko‘zdan kechirishdi.

Uch qavatli zamonaviy bino 270 nafar bolajonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Muassasada yorug‘ va shinam mashg‘ulot xonalari, yozgi o‘yin maydonchalari, sport va musiqa zallari hamda barcha talablarga javob beruvchi zamonaviy oshxona bor.

Marosimda so‘z olganlar yurtimizda yosh avlodning sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, zamonaviy bilimlarni puxta egallashi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida gapirib, bu ishlarning davomiy bo‘lishiga tilak bildirdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA