Qaror va ijro
Joriy yil yakunigacha Toshkent viloyatini to‘liq kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish belgilangan bo‘lib, buning uchun “Yangicha yondashuvlar” loyihalari asosida tizimli sa’y-harakatlar qilinmoqda. Bu borada, hudud bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sohasida 22 ming, mahalliy sanoat tarmoqlarida 11 ming, qishloq xo‘jaligida 8,2 ming, qurilishda 13,8 ming aholini doimiy ish o‘rinlarida band qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, amalda mavjud bo‘lgan lekin rasman rasmiylashtirilmagan 51,2 mingta ish o‘rinlari “soyadan” chiqariladi. O‘z navbatida mahallalardagi aholi, jumladan, ayollar va yoshlar ham mavjud imkoniyatlardan foydalanishga intilmoqda. Buning uchun ular mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar, chet-tillari o‘rganishda joylardagi monomarkazlarda imkoniyatlar yaratilgan.
Jumladan, Prezidentimizning 2025 yil 17 yanvardagi va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga asosan O‘rta Chirchiq tumanidagi “Qaytmas” mahalla fuqarolar yig‘inida Kelajak yoshlar biznes inkubatori tashkil etilgan. Hozirda bu maskanga daftarlarga kiritilgan fuqarolar o‘zlari qiziqqan sohani o‘rganish uchun kelayotgan bo‘lsa, yoshlar zamonaviy bilimlar va boshqa yo‘nalishlarda mahoratini oshirmoqda.
Muhimi, bu majmuaning tashkil qilish va zarur jihozlar bilan ta’minlash borasidagi xarajatlarning ma’lum qismi davlat tomonidan qoplanishi tadbirkorni yangi loyihalarni amalga oshirishga undayapti.
– Hozirda nafaqat yurtimizda balki, xorijda ham talab yuqori bo‘lgan kasblarga mutaxassislar tayyorlanmoqda. Maqsadimiz Nurafshon va O‘rta Chirchiqdagi yoshlar va ishsiz ayollarni jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga ko‘maklashishdir. Kelgusida ular o‘z kasbi orqali yuqori daromad olishga erishadi. Buning uchun ularga o‘quv yakunida davlat standartlariga mos sertifikatlar beriladi. Kuzatuvlarimizga ko‘ra, maktab ta’limini tamomlagan o‘quvchilar asosan oliygohlarga hujjat topshiradi. Biroq ularning hammasi ham talaba bo‘lolmaydi. Shu sabab zarur bilim va tajribaga ega bo‘lolmagan ko‘plab yoshlar arzon ishchi kuchi bo‘lib qolmoqda, – deydi tadbirkor Sherzod Abdulahatov.
Umuman olganda, hududlarda amalga oshirilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar tufayli aholi bandligi ta’minlash yanada yaxshilanmoqda. Shu bilan birga, joylarda faoliyat yuritayotgan korxona-tashkilotlar uchun malakali kadrlar jalb qilinmoqda. Xizmat ko‘rsatish sohalari esa rivojlanib, hududlar markazlarida yakka tartibdagi tadbirkorlar safi ortayotgani quvonarlidir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ctY1ObkByl8" title="Yangicha yondashuvlar mehnat bozorini boyitadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev (surat, video), O‘zA.