English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangicha yondashuv hosilni oshirishga yordam beradi
10:54 / 2025-08-01

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida joriy yilda 7 ming gektar maydonga Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan, yuqori samaradorlikka ega chigit navlari — Hin Lu Zhong 57, 67 va 86 ni ekish yo‘lga qo‘yildi. Bu — nafaqat navlar yangilanishi, balki sohada tub islohotlar, innovatsion yondashuvlar amalga oshirilayotganidan dalolatdir.

Ilg‘or agrotexnologiyalar asosida tashkil etilayotgan ish uslubi tumanda paxtachilikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Masalan, 2024 yilda tumanda 7 500 gektar yerga mahalliy “Sulton” navidan foydalanilib, har gektardan o‘rtacha 38,7 sentner hosil olingan edi. Bu yil esa 26 ming tonna xom ashyo yetishtirish belgilangan. Bunga erishish uchun fermerlarga ilmiy asoslangan agrotexnik tadbirlar, zamonaviy uslub va texnik vositalardan unumli foydalanish tavsiya etilmoqda.

Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida maqsadli va tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, har bir fermer xo‘jaligi qoshida agronom va muhandislardan iborat ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda. Ular ekishdan tortib, terimgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

– Biz mo‘l hosilga erishishnigina emas, uni qisqa fursatda va sifatli yig‘ishni ham maqsad qilganmiz, – deydi Olimjon Jo‘rayev. – Terim mavsumini muddatidan oldin boshlash va birinchi bo‘lib davlatga paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatni o‘z vaqtida bajarishga intilyapmiz. Buning uchun paxta terish mashinalaridan samarali foydalanish muhim. Barcha texnikalar to‘liq ta’mirlanib, ishga shay holatga keltirildi.

Hozirgi kunda tumanda mavjud kombaynlarni agrotexnik talablarga muvofiq tayyorlash, ularning ish sifati va unumdorligini oshirish, yong‘in xavfsizligi hamda yonilg‘i ta’minoti bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.

Tuman rahbari doimiy ravishda hududlardagi dalalarga chiqib, amaliy tadbirlarni kuzatib boryapti. Jumladan, “Nurli yo‘l” SIYU hududidagi “Shodlik quvonchi fayz”, “Birlashgan ulkan xirmoni”, “Uch qahramon” suv iste’molchilar uyushmasiga qarashli “Yaxshi niyat xirmoni” va “Ziyonur sari” fermer xo‘jaliklarida agrotexnik jarayonlar o‘rganildi, mavjud muammolar yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Ayni paytda “zarbdor 30 kunlik” deb ataluvchi muhim agrotexnik davrda har bir ish vaqtida va talab darajasida bajarilishi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Guliston tumanidagi paxtachilik sohasidagi bu kabi islohotlar nafaqat yuksak hosildorlik, balki dehqonning mehnatiga munosib bahoni, davlat xazinasiga esa barqaror tushumni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Zamonaviy texnologiya va qat’iy tashkiliy yondashuv – mamlakat qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning mustahkam poydevori sifatida o‘zini to‘liq oqlayapti.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri