Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangicha tizim: murojaatlar yechimining kaliti
11:48 / 2021-08-13

Davlatimiz rahbari raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Jizzax viloyatidagi shahar va tuman prokurorlari tomonidan aholi bilan karantin talablariga rioya qilgan holda kunlik shaxsiy qabullar muntazam ravishda o‘tkazib borilyapti.

Muammoning katta-kichigi bo‘lmaydi. Eng kichik muammo ham aholiga noqulaylik, qiyinchilik tug‘dirdimi, demak uni zudlik bilan bartaraf etish shart. Aholiga zarur qulayliklarni yaratish, murojaatlarini bartraf etish yangicha ishlash tizimining bosh mezonidir.

Yangicha ish tizimi joriy etilgandan so‘ng Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan ham aholi murojaatlarini ko‘rib chiqishda uzoq vaqtdan buyon yechimini topmay kelayotgan muammolarni hal etishga hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini amalda tiklanishiga alohida e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Jumladan, Zafarobod tumani “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘ini “Forishlik” ko‘chasida yashovchi fuqarolar tomonidan shu hududdagi qishloqning o‘rtasidan sel va toshqinlarning aholi uy-joylari uchun xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir vaqtlar qazilgan zovurni ta’mirlashda amaliy yordam so‘rab, mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga bir necha bor murojaat qilinganiga qaramay muammo o‘z yechimini topmay kelgan.  

Ushbu murojaat Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganishga qadar murojaatni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmaganligi, muammo uzoq vaqtdan buyon o‘z yechimini topmasdan kelayotganligi, sel, toshqin va kuchli yog‘ingarchilik bo‘lganida aholi xonadonlariga suv kirib ketayotganligi va ushbu hududga olib boruvchi asosiy qatnov yo‘lini loyqa bosib qolayotganligi aniqlandi.

Mahalliy aholi tili bilan aytganda “Pionerka” deb nomlanuvchi ushbu zovurning ikki tomonida aholi xonadonlari joylashgan. Turli toshqin sel kelganida va kuchli yogingarchiliklar paytida aholi, ayniqsa, bolalar maktab va bog‘chaga qatnashda katta qiyinchilikka duch kelgan.

– Tuman prokuraturasining aralashuvi va amaliy yordami bilan bir necha yildan buyon yechimini topmay kelayotgan muammo qisqa fursatlarda bartaraf etildi, – deydi “Samarqand” MFY “Forishlik” ko‘chasida yashovchi Z.Bozorov. – Ushbu 350 metr uzunlikdagi “Pionerka” zovuri kavlanib, tozalandi. Endi ushbu hududda yashovchi 15 ta xonadonimizga turli toshqin, sel va kuchli yog‘ingarchilik tufayli kirib ketayogan suv hamda u yerga olib boruvchi yo‘lning loyqa bosib qolishi holatlariga chek qo‘yildi.  

Endilikda suv toshqinlari ushbu qazib tozalangan zovur orqali aholi yashash joyiga xavf tug‘dirmaydigan hududga oqib ketishi va fuqarolarga zarar yetmasligi ta’minlandi.

A.Qayumov, O‘zA