Ilmiy kuzatish va tadqiqotlar natijasida inson o‘z hayoti davomida oladigan barcha ma’lumotning yetmish foizini besh yoshgacha bo‘lgan davrda olib ulgurishi aniqlangan. Shu bois mamlakatimizda maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining ajralmas bo‘lagiga, ta’bir joiz bo‘lsa, uning debochasiga aylangan.
Davlatimiz rahbarining 2020 yilning 29 dekabrida Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga qilingan navbatdagi Murojaatnomasida har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutishi, shu sababli islohotlarimiz ko‘lami, samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim hamda hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanish zarurligi alohida ta’kidlangan edi.
Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya, xususan, ta’limning asosiy va hal qiluvchi bo‘g‘ini hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatini yanada rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish, murabbiy va pedagoglar mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya, ilm-fan va madaniyat sohasini uzviy rivojlantirish va ularni doimiy takomillashtirish ishlari davlat siyosatining asosiy va ustuvor yo‘nalishi sifatida qaraladi.
Murojaatnomada bolalarni bog‘chaga qamrab olishni 2023 yil oxirigacha 75 foizga yetkazish, kelgusi yillarda O‘zbekistonning maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish borasidagi strategik maqsadi – ijtimoiy ahvolidan qat’iy nazar, bog‘cha yoshidagi har bir bolani ushbu ta’lim yo‘nalishi bilan to‘liq qamrab olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat ekanligi, bu ishlarga byudjetdan 600 milliard so‘m subsidiya berish hisobidan qo‘shimcha 2 mingta nodavlat bog‘cha tashkil etilib, xususiy sektor ulushini 25 foizga yetkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Uzoq qishloqlarda maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini yanada kengaytirish, bunda YUNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta’limni uyda berish modelini yo‘lga qo‘yilishi yil dasturidan o‘rin olishi zarur.
Mulohazalarimizni Buxoro viloyati misolida davom ettiradigan bo‘lsak, ayni paytda viloyatda 1 ming 756 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud. Shundan, 451 tasi davlat, 84 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi, 1 ming 197 tasi oilaviy, 24 tasi xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Maktabgacha ta’lim yoshdagi bolalar qamrovi 80,6 foizni tashkil etmoqda. Viloyatda nodavlat, ya’ni oilaviy va uy-bog‘chalar tashkil etish, umuman, bolajonlarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda davom etmoqda. Shunga ko‘ra, 2022 yil yakuni bo‘yicha maktabgacha ta’lim qamrovi 89,6 foizga yetishi kutilmoqda. Bu sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarning amaldagi samarasidir.
Albatta, maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari sonini yanada oshirish va ular ko‘rsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo‘ldi. Shu bilan birga, olib borilgan tahlil, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovini ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-metodik materiallar va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirish, sohaga malakali pedagog va boshqaruv kadrlarini jalb qilish masalalarini hal etish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Bu borada Buxoro davlat universiteti Maktabgacha ta’lim kafedrasi ilmiy-pedagogik jamoasi tomonidan bir qator xayrli tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jumladan, kafedra qoshida tashkil etilgan “Munozara-debat”, “Pedagog-terapevt”, “Tadqiqotchi talaba”, “Ijodkor tarbiyachi”, “Nutq o‘stirish”, “MTTlarda zamonaviy boshqaruvchi”, “Kreativ tarbiyachi”, “Zamonaviy tarbiyachi imidji” kabi to‘garaklarda talabalarning fanlarga bo‘lgan qiziqishlari va ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga sharoit yaratilgan.
Albatta, amaliyot bo‘lmasa, nazariyaning nafi kam. Shu bois pedagogik amaliyot davrida amaliyotchi-talaba tajriba to‘plashi uchun ta’lim muassasasining shart-sharoiti va ichki tartib qoidalariga moslashishi, pedagogik jamoa bilan yaqindan tanishishi uchun imkoniyat yaratib berilmoqda. Chunki endi bog‘chalar band ota-onaning farzandlari uchun kunni kech qiladigan oddiy dargoh emas, balki ta’lim va tarbiyaning birlamchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Ushbu muassasada qo‘yilgan poydevor mustahkam bo‘lmog‘i lozim. O‘z navbatida ta’lim muassasasi ham bo‘lg‘usi pedagogning nazariy tayyorgarligi, saviyasi, salohiyati bilan tanishib, o‘z tavsiyalari bilan kadrlar tayyorlashdek jarayonga bevosita jalb etilmoqda. Eng muhimi, bunda uzoq yillar hukm surgan, “mana senga hujjatlaring, istagan joyingda amaliyotingni o‘tab kel”, degan “qora an’ana”ga barham berilib, “Ustoz-shogird” tizimi asosida talabada o‘ziga ishonch mustahkamlanadi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlari shakllanadi.
Shuningdek, jarayonda maktabgacha ta’lim muassasalarini milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash ham dolzarb vazifa sanaladi.
Maktabgacha ta’lim sohasidagi islohotlar bugungi kunda o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Bu sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir.
Nafisa Hamroyeva,
Buxoro davlat universiteti Maktabgacha ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi.
O‘zA