French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangicha boshqaruv – iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili
11:13 / 2015-10-05

Prezidentimiz rahnamoligida xususiy mulkning turli shakllarini rivojlantirish, ularning milliy iqtisodiyotdagi ulushini oshirish bilan birga xalqaro bozorda raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida xususiy mulkning turli shakllarini rivojlantirish, ularning milliy iqtisodiyotdagi ulushini oshirish bilan birga xalqaro bozorda raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2015-yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mazkur mulkchilik shaklini tashkiliy, moliyaviy, huquqiy, kadrlar bilan ta’minlash jihatidan tubdan isloh qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi davlat aktivlarini boshqarish markazi direktori o‘rinbosari Asqar Obidov mazkur farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasidan ma’lumki, yirik kompaniya, konsern va korporatsiyalar korporativ boshqaruv jarayonining pishiq-puxtaligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Chunki oqilona boshqaruv bir tomondan ko‘p sonli aksiyador, boshqa tomondan, turli ishlab chiqarish obyektlariga ega bunday yirik korxonalarda ishlab chiqarish, investitsiya, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish garovi sanaladi.

Avvallari boshqaruv deganda ko‘pincha direktorlik korpusi tushunilardi. Vaholanki, aksiyadorlik jamiyatlarida har bir yo‘nalishga mas’ul o‘rta bo‘g‘in menejerlarining boshqaruvdagi o‘rni muhim ahamiyatga ega ekani dunyo tajribasidan yaxshi ma’lum. Shu jihatdan olib qaraganda, mamlakatimizda ishlab chiqilgan Aksiyadorlik jamiyatining namunaviy tashkiliy tuzilmasi xalqaro talablarga to‘la mos yangi menejment usullarining joriy etilishiga zamin yaratdi.

Mamlakatimizdagi barcha aksiyadorlik jamiyatlarini namunaviy tashkiliy tuzilmaga muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Eski bo‘linma va lavozimlar tugatilib, yangi bo‘linma hamda lavozimlar joriy etildi. Xususan, lavozimi bo‘yicha texnik masalalar yuzasidan qaror chiqarish vakolatiga ega bo‘lsa-da, boshqaruv a’zosi sifatida amalda boshqaruv qarorlarini chiqarib kelgan bosh muhandis lavozimi tugatilib, ishlab chiqarish direktori lavozimi tashkil qilindi. Bu uning vakolat doirasini aniq belgilab, mas’uliyatini oshirish imkonini yaratdi.

Korporativ boshqaruvga joriy etilgan yangi lavozimlarning mansab majburiyati va vazifalarini aniq belgilash maqsadida Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblari yangilangan klassifikatori ishlab chiqildi. Mamlakatimizdagi mavjud lavozim va kasblarni to‘liq inventarizatsiya qilish hamda xalqaro tajribani o‘rganish asosida klassifikatorga kiritilgan yangi 566 lavozim va kasbning 74 tasi korporativ boshqaruvga taalluqlidir. Yangilangan klassifikatorni ishlab chiqishda davlat va xo‘jalik tashkilotlari bilan birgalikda yirik korxonalarning takliflari ham inobatga olindi.

Aksiyadorlik jamiyatlariga rahbar xodimlarni ishga tanlov asosida olish, bunda chet ellik mutaxassislarning ham ishtirokini ta’minlash maqsadida mamlakatimizdagi 623 aksiyadorlik jamiyati ustaviga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyillari, menejment va marketing, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ishlab chiqarishni boshqarish tizimi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazildi. Attestatsiya yakunlari bo‘yicha bo‘shagan lavozimlarga yangicha fikrlaydigan, zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali rahbar kadrlar, xorijiy menejerlarni jalb etish choralari ko‘rilmoqda.

Mamlakatimizda korporativ boshqaruvning samarador usullarini joriy etishda rivojlangan davlatlar, xususan, Germaniya tajribasi chuqur o‘rganilmoqda. Yetakchi xorijiy kompaniyalar, mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirokida korporativ boshqaruvning tashkiliy shakllari va zamonaviy uslublarini joriy qilishni metodik ta’minlash, aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruv xodimlarini xalqaro talab va standartlarga muvofiq tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

“Daymler”, “Siemens”, “BMW”, “Lyuftganza”, “Tissen Krupp”, “MAN”, “Knauf” singari Germaniyaning 25 yetakchi kompaniyasi tashabbusi bilan 2002-yilda asos solingan Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi bilan hamkorlik bu borada muhim rol o‘ynamoqda. Bu yerda “Biznesni boshqarish”, “Rahbar xodimlar uchun biznesni boshqarish” singari xalqaro standartlar asosidagi o‘quv dasturlari tashkil qilingan.

Yaqinda ushbu ta’lim dargohining bir guruh mutaxassis va professor-o‘qituvchilari tomonidan “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyasi, “O‘zqurilishmateriallari”, “O‘zeltexsanoat”, “O‘zdonmahsulot”, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyalari, “Kafolat sug‘urta kompaniyasi”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlari singari yirik korxonalarning 80 nafar rahbar xodimi korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari bo‘yicha o‘qitildi. Mashg‘ulotlarda faol ishtirok etgan 40 nafar ishtirokchi Germaniyadagi yirik kompaniyalarga amaliyot o‘tashga yuborilishi ko‘zda tutilgan.

Korporativ boshqaruv ilmiy ta’lim markazining faoliyatini xalqaro talablar darajasida yo‘lga qo‘yishda ham mazkur xorijiy o‘quv muassasasi bilan yaqin hamkorlik qilinmoqda.

Germaniyaning “Indecon Consulting” kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan aksiyadorlik jamiyatlari uchun tavsiya etiladigan Korporativ boshqaruv kodeksi loyihasi tayyorlanib, Aksiyadorlik jamiyatlarining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha komissiyaga taqdim etildi.

Farmon asosida yurtimizdagi 364 aksiyadorlik jamiyati tugatilishi yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga aylantirilishi belgilangan. Hozirgacha uch yuzdan ziyod aksiyadorlik jamiyati tegishli tartibda tugatildi yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga o‘tkazildi. Jumladan, tuman mashina-traktor parklari viloyat mashina-traktor parklarining filiallari sifatida qaytadan tashkil qilindi.

Mazkur tashkiliy-huquqiy shaklning o‘ziga xosligi shundaki, aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalashtirish vositasida istalgan miqdorda investitsiya jalb qilishi mumkin. Ustav jamg‘armasini ko‘paytirishning bunday imkoniyatiga erishish uchun korxona faoliyati va hisobotlari ochiq, xoh yirik, xoh kichik bo‘lishidan qat’i nazar, aksiyador manfaatlari birdek himoyalangan bo‘lishi zarur.

Bu o‘rinda kam sonli aksiyaga ega minoritar aksiyadorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoyalashni yanada kuchaytirish, boshqaruvda ularning o‘rni va rolini oshirish muhim o‘ringa ega. Shu maqsadda “Minoritar aksiyadorlar qo‘mitasining faoliyat ko‘rsatishi tartibi to‘g‘risida”gi nizom ishlab chiqildi.

Mazkur nizomga muvofiq minoritar aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida aksiyadorlik jamiyatida ular orasidan minoritar aksiyadorlar qo‘mitasi tashkil etilishi mumkinligi belgilandi.

Qo‘mita raisi qo‘mitaning vakolati doirasiga kiritilgan barcha masalalar bo‘yicha jamiyatning ma’lumot va hujjatlari, jumladan, jamiyat taftish komissiyasi, auditorlik tashkiloti xulosa va hisobotlari, nazorat qiluvchi davlat organlari tekshirish dalolatnomalari, jamiyat va uning mansabdor shaxslariga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari, affillangan shaxslar bilan nazarda tutilgan bitimlarni jamiyat ijroiya organi va ichki audit xizmati tomonidan o‘rganish bo‘yicha bayonnomalaridan erkin foydalanish huquqiga ega.

Muxtasar aytganda, korporativ boshqaruv sohasini tubdan isloh qilishga qaratilgan mazkur sa’y-harakatlar mamlakatimizda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, yirik biznes tarmog‘iga zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish, ishlab chiqarish, investitsiya, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.