Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov hamda qo‘mita raisi o‘rinbosari B.Matmuratov Xorazm viloyatida «Yashil makon» umummilliy loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish hamda ko‘p kvartirali uylarda chiqindilarni to‘plash shoxobchalari, yig‘ish va olib chiqib ketishga xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlarning faoliyati bilan tanishish maqsadida mazkur viloyatga tashrif buyurdi.
Ayni kunlarda respublika miqyosida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida daraxtlarni manzilli ekish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bu borada respublikada 2021 yil kuz faslida 85 milliondan ortiq daraxtlar ekildi va 2022 yil bahorida 105 million tup ko‘chat ekilishi rejalashtirilmoqda.
Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida 10 gektar maydonda «yashil jamoat parki» va 6 gektar maydonda «yashil bog‘» tashkil etilmoqda.
Senatorlar tashrif jarayonida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xorazm milliy bog‘i faoliyatini o‘rgandi. Hozirda mazkur bog‘da hududning iqlim sharoitiga mos bo‘lgan jiyda ko‘chatlari ham yetishtirilmoqda. Shuningdek, Xorazm milliy tabiat bog‘ida cho‘l va suvsizlikka chidamli turangil, saksovul ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Senatorlar Urganch shahridagi 30-son umumta’lim maktabida hamda Urganch shahar markaziy kasalxonasi hududida keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilgan ko‘chat ekish aksiyalarida ishtirok etdi.
Senatorlar viloyatdagi ko‘p kvartirali uylarda chiqindilarni to‘plash shoxobchalari va mahallalarda chiqindilarni yig‘ish ishlarini o‘rganish maqsadida Urganch shahri va Urganch tumanida maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “Urganch Eco Trans” klasteri faoliyati bilan ham tanishdi.
M.Komilova, O‘zA