English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi, zamonaviy avtobuslar el xizmatida
17:38 / 2025-11-25

Sirdaryo viloyati Guliston shahrida aholining kundalik harakatlanishini yengillashtirish va ekologik barqaror jamoat transportini ta’minlash maqsadida shahar transport parki zamonaviy va ekologik toza avtobuslar bilan yangilandi.

Bu ishlar Davlat rahbarining 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi sifatida amalga oshirilmoqda. Ushbu qaror doirasida aholiga qulay, xavfsiz va samarali transport xizmati ko‘rsatish maqsadida “Guliston Inter Futbol” MCHJ shaharga qo‘shimcha 9 metrli 52 dona YUTON rusumli avtobuslar olib keldi. Yangi avtobuslar 7 ta yo‘nalish bo‘ylab xizmat ko‘rsatadi va bu  xizmat sifatini sezilarli darajada yaxshilash imkonini beradi.

YUTON avtobuslari ekologik jihatdan toza, energiyani kam talab qiladi, shuningdek,  qulay va xavfsiz bo‘lib, shahar yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlaydi. Yangi avtobuslarning joriy etilishi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yo‘lovchilar oqimini samarali taqsimlash va atrof-muhitga zararli moddalar chiqarilishini kamaytirishi bilan ahamiyatlidir. Shu orqali Gulistonda jamoat transporti harakat tarkibi to‘liq modernizatsiya qilindi va iqtisodiy hamda ekologik barqaror transport tizimi yaratildi.

–   Biz uchun asosiy maqsad — gulistonliklarni xavfsiz, qulay va ekologik toza jamoat transporti bilan ta’minlash. Yangilangan park nafaqat xizmat sifatini oshiradi, balki shahar iqlimini muhofaza qilishga ham hissa qo‘shadi. Olib kelingan YUTON avtobuslari zamonaviy va har kuni minglab yo‘lovchilarga xizmat qilishga tayyor. Bu ishlarimizni davom ettirib, xizmat sifatini yanada yuqori bosqichga olib chiqishni rejalashtirganmiz. Hozirgi kunda shahar yo‘nalishlariga joriy etilgan 52 ta avtobus hisobidan 120 ta yangi ish o‘rni yaratdik. Bu nafaqat jamoat transporti sifatini oshirdi, balki aholi bandligiga ham hissa qo‘shdi. Kelgusida viloyatlar aro qatnovni yo‘lga qo‘yish maqsadida 11 metrlik, uzoq masofaga mo‘ljallangan yana 30 ta avtobus olib kelishni rejalashtirganmiz. Bu loyiha amalga oshirilsa, ish o‘rinlarimiz soni 150 tadan ortiq bo‘ladi,  –  deydi Guliston Inter Futbol” MCHJ rahbari Dantes Ustajalilov.

Yangi avtobuslar nafaqat shahar transport tizimini modernizatsiya qilishga, balki xizmatlarning geografiyasini kengaytirishga ham imkoniyat yaratadi. Navbatdagi bosqichda shahar va viloyatlar o‘rtasida qulay, xavfsiz va ekologik toza qatnov tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri