French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi yo‘llar yangi qulayliklar yaratmoqda
18:33 / 2015-08-03

Istiqlol yillarida Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, dunyoda rivojlanishning “o‘zbek modeli” deb e’tirof etilgan taraqqiyot strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari yurtimiz, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yildan-yilga ochilib, yanada go‘zal va obod bo‘lib borayotganida o‘z aksini topmoqda.

Istiqlol yillarida Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, dunyoda rivojlanishning “o‘zbek modeli” deb e’tirof etilgan taraqqiyot strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari yurtimiz, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yildan-yilga ochilib, yanada go‘zal va obod bo‘lib borayotganida o‘z aksini topmoqda.

Xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishda ulkan ahamiyat kasb etayotgan zamonaviy transport infratuzilmasini barpo etishga qaratilgan islohotlar ko‘lami tobora kengaymoqda. Yangi-yangi temir va avtomobil yo‘llari, magistrallar, muhtasham ko‘priklarning ko‘plab barpo etilishi natijasida O‘zbekiston bugungi kunda qadimiy Buyuk ipak yo‘lida joylashgan muhim va zamonaviy mamlakatga aylanib, shahar va qishloqlarimizda mutlaqo yangi, jahon talablariga javob beradigan transport-kommunikatsiya tarmoqlari shakllanmoqda. 

– Prezidentimizning bevosita tashabbusi va rahbarligida bu sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarining samarasini azim poytaxtimiz Toshkent shahri misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin, – deydi “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Hakimov. – Xususan, ko‘plab yo‘lo‘tkazgich va estakadalarga ega bo‘lgan 6-8 polosali 32 kilometrlik Toshkent kichik halqa yo‘li, Olmazor tumanidan boshlanadigan Beruniy ko‘chasini Shayxontohur tumanidagi Osiyo ko‘chasi bilan bog‘laydigan, Forobiy, Qorasaroy, Sag‘bon, Sebzor va Labzak ko‘chalarini o‘zaro tutashtirgan 5,1 kilometr uzunlikdagi yangi Nurafshon ko‘chasi bunyod etilgani poytaxtimiz yo‘llarida transport harakatini takomillashtirish, shahrimiz aholisi va mehmonlari uchun har tomonlama qulaylik tug‘dirishga puxta zamin yaratdi.

Joriy yilning may oyida foydalanishga topshirilgan Sebzor va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishadigan manzilda barpo etilgan uzunligi 500, eni 26 metrni tashkil etadigan yangi zamonaviy ko‘prik mamlakatimizda yo‘lsozlik va ko‘priksozlik an’analari izchil rivojlanib borayotganini amalda yana bir bor isbotladi.

Mustaqillikning 24-yilligini nishonlashga keng tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda O‘zbekistonning bosh shahrida yana bir xayrli tadbir – Mirzo Ulug‘bek, Yuzrabot, Feruza va Taraqqiyot ko‘chalarida qatnov yo‘lini kengaytirish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi.

– Har kuni Chilonzordan Traktorsozlar mavzesiga kelib ketaman, – deydi poytaxtlik Ahmadjon Yoqubov. – Ertalab ishga kelayotib, kechqurun uyga qaytayotganda Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi tirbandlik oqibatida ancha-muncha vaqt yo‘qotishga to‘g‘ri kelardi. Kuni kecha boshlangan qurilish ishlarini ko‘rib, tez orada bu muammo bartaraf etilishiga ishonch hosil qildim. Binobarin, transport tirbandligi bu – vaqt yo‘qotish, asab buzilishi, ortiqcha yonilg‘i, ekologiyaga zarar demakdir. Endi bularning barchasiga barham beriladi. 

Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida olib boriladigan ishlar natijasida mavjud avtomobil yo‘li 10 metrga kengayib, 8 polosali ravon, tezyurar yo‘l quriladi. Eng muhimi, ushbu yo‘lning ishga tushirilishi nafaqat poytaxtimiz ahli uchun, balki Qibray tumani orqali Chirchiq shahri hamda Bo‘stonliq tumanidan kelib-ketadigan minglab odamlarning uzog‘ini yaqin qilishga xizmat qiladi.

Rekonstruksiya ishlari natijasida Traktorsozlar mavzesidan Mirzo Ulug‘bek, Yuzrabot, Feruza ko‘chalari orqali Kichik halqa yo‘liga chiqib, Toshkent vokzaligacha, so‘ng Mehrjon ko‘chasi bo‘ylab Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan Qo‘yliq markazigacha bo‘lgan tramvay yo‘nalishining Traktorsozlar mavzesidan Toshkent vokzaligacha bo‘lgan qismi qisqartiriladigan bo‘ldi.

– Jamoat transporti samaradorligini oshirish maqsadida yangi “Traktorsozlar mavzesi – Toshkent vokzali” avtobus yo‘nalishi tashkil qilindi, – deydi “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisi Otabek Sodiqov. – Yo‘nalishda “Mercedes Benz” rusumli 12 avtobus harakatlanib, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda, shuningdek, ushbu yo‘nalishda yana 8 avtobus yo‘nalishi mavjud. Bundan tashqari, Taraqqiyot ko‘chasidan Ohangaron shossesigacha 3 kilometr uzunlikdagi yangi tramvay yo‘lini qurish va uni Aviasozlar bekatidan Rohat ko‘li bekatigacha mavjud bo‘lgan 5 kilometrlik tramvay yo‘li bilan ulash ko‘zda tutilgan. 

“O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilning oxiriga qadar Rohat avtomobil aylanmasida yangi transport bog‘lamalarining bunyod etilishi poytaxtimizdagi transport harakatini yanada yaxshilash imkonini beradi. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha bunyodkorlik ishlari, o‘zgarish va yangilanishlarning asosiy maqsadi – inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan ayniqsa e’tiborlidir. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida poytaxtimizda boshlangan mazkur bunyodkorlik ishlari xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, poytaxtimiz aholisi va mehmonlari uchun mustaqillikning 24-yilligiga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ladi.