Yangi yo‘llar – yangi imkoniyatlar
Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 2015-yil ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati yakunlari hamda 2016-yildagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 2015-yil ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati yakunlari hamda 2016-yildagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari R.Ikromov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda temir yo‘l tarmog‘i izchil rivojlantirilayotganini ta’kidladi.
2015-yilda temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 2014-yildagiga nisbatan 2,5 foizga ortgan. 20 million 7 mingdan ortiq yo‘lovchi tashilgan. 347,7 million dollarga teng eksport xizmatlari ko‘rsatilib, tizim korxonalarida 388,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Aholiga ko‘rsatilgan pullik xizmatlar hajmi 323,8 milliard so‘mni tashkil qilgan.
2015-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq, 17 loyiha bo‘yicha 755,16 million dollar miqdorida kapital mablag‘lar o‘zlashtirilib, o‘sish prognozga nisbatan 2,8 foizga ortiq bo‘ldi.
Umumiy uzunligi 123 kilometrdan ziyod, shu jumladan, 19 kilometrlik temir yo‘l tunnelini o‘z ichiga olgan Angren – Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo‘l liniyasining 104 kilometrida barcha qurilish, elektrlashtirish ishlari yakunlandi. Bugungi kunda tunnelda 18,4 kilometrlik kovlash ishlari bajarildi. 183 kilometrlik Pop – Qo‘qon – Andijon temir yo‘l yo‘nalishida elektrlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
2015-yilda Maroqand – Qarshi yo‘nalishidagi temir izlar elektrlashtirilib, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Samarqand – Buxoro yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar uchun temir yo‘l qurish va elektrlashtirish, Navoiy – Konimex – Miskin yangi temir yo‘l liniyasini qurish ishlari boshlandi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 4-martdagi Xitoy Xalq Respublikasi Eksimbanki ishtirokida “Lokomotivlar parkini yangilash. 11 yuk elektrovozini xarid qilish. 2-bosqich” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlariga oid qaroriga muvofiq, Xitoyda ishlab chiqarilgan 11 dona “O'z-ELR” elektrovozi mamlakatimizga olib kelindi.
2015-yilning 5-6-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiya forumi doirasida yana ikkita yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Talgo” poyezdini xarid qilish yuzasidan ispaniyalik ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma imzolandi.
– Yo‘lovchi vagonlari soni yana ikkitaga ortadi, – deydi yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlar harakatini tashkil etish va foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Olim Qurbonov. – Natijada ikki lokomotiv, o‘n yo‘lovchi vagoni va vagon-restorandan iborat yangi poyezdda yo‘lovchi o‘rni 72 taga ko‘payib, jami 287 yo‘lovchi tashish imkonini beradi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2015-yilda "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati korxonalarida yangi yuk va yo‘lovchi vagonlari qurish, harakatdagi tarkibni ta’mirlash, modernizatsiya qilish, qayta tiklash bo‘yicha 24 loyiha amalga oshirildi. Toshkent quyuv mexanika zavodida 50 dona yopiq, 278 dona yarim ochiq vagon, Andijon mexanika zavodida 50 dona vagon-sisterna, 272 dona yarim ochiq vagon ishlab chiqarildi.
2016-yilda investitsiya dasturiga asosan 28 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Xususan, Angren – Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo‘li qurilishini yakunlash, yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektrovozlar xarid qilish va Samarqand – Buxoro yo‘nalishida ularning qatnovini yo‘lga qo‘yish, Pop – Qo‘qon – Andijon va Qarshi – Termiz temir yo‘l liniyalarini elektrlashtirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.