Yangi yil bayrami arafasida Namangan viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik bir qator ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi "O‘zbekiston" massivida 72 xonadondan iborat to‘rt qavatli uchta arzon uy-joylar qurib bitkazildi.
“Qishloq qurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati Namangan viloyati filiali tomonidan ushbu uy-joylarni barpo etish uchun uchun 10 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Zamonaviy, barcha sharoitlar muhayyo etilgan xonadonlardan 24 tasi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga berilgan bo‘lsa, olti xonadon yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan onalarga uyning boshlang‘ich badali davlat tomonidan qoplangan holda ajratildi.
Shuningdek, kvartiralarni ajratilishida uy-joyga muhtoj bo‘lgan 42 oilaning ehtiyojlari ham e’tiborga olindi.
– Uch nafar farzandimiz bilan alohida uyimiz yo‘qligidan qiynalardik. Boz ustiga salomatligimda ham muammolar bor. Mana, niyatimizga yetib, shinam xonadonda yashash nasib etdi. Uyning boshlang‘ich to‘lovi ham to‘lab berildi. Bunday sharoitlar yaratilgani uchun davlat rahbaridan minnatdorman. Yangi uyga ko‘chib kirarkanmiz, yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligini dildan his qildik, — deydi birinchi guruh nogironi Muhammadjon Asrainov.
Uy to‘ylari marosimida qatnashgan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov bugungi kunda nafaqat shaharda, balki chekka va olis manzillarda joylashgan qishloqlarda ham arzon uy-joylarning qurilayotgani hududlarning me’moriy qiyofasini o‘zgartiribgina qolmay, aholining turmush darajasini yanada yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi.
Viloyat rahbari yangi uylardagi xonadonlarga kirib, xonadon sohiblari bilan "bir piyola choy" ustida suhbat qurdi. Ularga to‘yonalar taqdim etdi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA