Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi yilga – yangi spektakl bilan
14:40 / 2024-12-26

Namangan viloyati musiqali drama teatri jamoasi yangi yil bayrami munosabati bilan o‘z repertuarini yana bir yangi asar bilan boyitdi. Teatr ijodkorlari O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Alvido bolalik” qissasi asosida dramaturg Hayitmat Rasul qayta ishlagan “Alvido bolalik” spektaklining premerasini tomoshabinlar e’tiboriga havola qildi.

Bolalik bu umrimizning bahori, orzu-umidlarimiz bilan ulg‘ayadigan eng jo‘shqin va haroratli damlar. Bu davrda yoshlar o‘z yaqinlarining e’tiboriga ehtiyoj sezadi. Bunday fursatlarda ularga nisbatan birozgina ahamiyat qaratilsa, nur ustiga nur bo‘ladi. Bir zumgina beparvolik qilinsa, asar qahramonlari hayoti kabi noxush holatlarga olib keladi.  

Yangi spektaklda yoshlar taqdiri va ularning balog‘at yoshida bilib-bilmay yo‘l qo‘ygan xatolari oqibatida, oltinga teng umrini xazon qilgani badiiy tarzda ifoda qilingan. Iqtidorli rejissyor G‘iyosiddin Mirzamahmudov tomonidan sahnalashtirilgan ushbu asar rassomlar Asima Ne’matova va Mahmudjon Yo‘ldoshev mehnati natijasida yanada ta’sirchanlik kasb etgan bo‘lsa, musiqa rahbari Burhonjon Parpiyev iste’dodi orqali go‘zal kuy-ohanglarga boyitilgan.  

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Aziza Karimova, Mehri Abdullayeva, “Shuhrat” medali sohibasi Dilfuza Qodirova, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohiblari Ma’rufjon Niyozov, Avazbek Qodirov, Mirmamut Musaboyev, Bahodir Jo‘rayev, Abror Muhiddinov, Nuriddin Ismoilov kabi iste’dodli aktyor va aktrisalar rollarini qoyilmaqom ijro etganliklari bois spektakl taqdimotida muxlislar olqishi uzoq davom etdi.  

Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasi joriy yilda Ozarbayjon, Turkmaniston va Janubiy Koreya davlatlarida gastrol safarlarda bo‘lib, jahon miqyosida o‘zbek milliy teatr san’atini keng tarannum etishga munosib hissa qo‘shdi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA