Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlab, biznes yuritishda qulay muhit yaratishga qaratilayotgan yuksak e’tibor xususiy sektorni yanada rivojlantirib, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirishga, xalqimizning tinch, to‘kin hayotini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 14 noyabrdagi “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham ana shunday ezgu maqsadga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan mazkur hujjat biznesni boshlashda davlat xizmatlarini kompleks tarzda ko‘rsatish, ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashni nazarda tutadi. Farmonga ko‘ra, endilikda tadbirkorlarning ma’muriy xarajatlari yillik 90 milliard so‘mgacha qisqartirilib, davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda 15 kungacha vaqt tejalishi ta’minlanadi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etilib, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bir vaqtning o‘zida elektron raqamli imzo olish, bank hisobvaraq ochish, litsenziya yoki ruxsatnoma uchun ariza topshirish, QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish, onlayn kassa mashinalarini xarid qilish hamda rahbarni “Yagona milliy mehnat tizimi”da hisobga qo‘yish imkoniyati yaratiladi.
Tadbirkorlar bu xizmatlardan ixtiyoriy ravishda foydalanishi va tanlangan xizmatlar uchun yagona QR-kod orqali to‘lov qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomi bilan faoliyat yuritishga ruxsat beriladi. Tadbirkorlik sub’ektlarining asosiy ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, litsenziya va ruxsatnoma hujjatlariga qo‘shimcha murojaatlarsiz, avtomatik tarzda o‘zgartirish kiritiladi.

Litsenziyalash va ruxsat berish sohasida huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxsga jarima qo‘llanilganda, uning mansabdor shaxslarini qo‘shimcha ma’muriy javobgarlikka tortish amaliyoti bekor qilinayotgani ham tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan mutanosib va adolatli yondashuvni ta’minlaydi. Bundan tashqari, litsenziya yoki ruxsatnoma olishdan oldin ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati joriy etilib, tadbirkorlarga talablarga muvofiqlikni oldindan baholash imkoniyati yaratiladi.
Farmon ijrosi doirasida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish yukini kamaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Uning bajarilishi Adliya vaziri tomonidan shaxsiy nazoratga olingan bo‘lib, umumiy muvofiqlashtirish va nazorat O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
Lo‘nda qilib aytganda, farmon yurtimizning barcha hududlari singari Surxondaryo viloyatida ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlab, ishbilarmonlar ishonchini mustahkamlash va biznes muhitini yanada jozibador qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning viloyat iqtisodiyotidagi ulushini oshirib, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Aholining farovon turmushi ta’minlanadi.
Shavkat Yaxshiqulov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha
vakil devonining Surxondaryo viloyat sho‘’basi yetakchi inspektori.
O‘zA