Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi yilda sportchilarimizni qanday nufuzli musobaqalar kutmoqda?
12:43 / 2025-12-24

2026 yilda mamlakatimiz sportchilarini xalqaro ahamiyatga ega turnirlar, kompleks musobaqalar kutmoqda. Aytish lozim, kelayotgan yil 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga reyting ochkolarni, saralash musobaqalariga izn berilishi bilan ahamiyatli davr sanaladi.

Kelgusi yilning 6-22 fevral kunlari Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso maskanlarida qishki Olimpiya o‘yinlari boshlanishi bilan yangi yilning kompleks musobaqalariga start beriladi.

Shundan so‘ng, Italiya 6-15 mart kunlari o‘tadigan qishki Paralimpiya o‘yinlariga dunyoning eng kuchli matonat va iroda sohiblarini chorlaydi.

Kelayotgan yilning  22-30 aprel kunlari Xitoyning Sanya shahri sohil bo‘yi Osiyo o‘yinlariga, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri 23-29 iyun kunlari BRIKS o‘yinlariga, Qozog‘iston poytaxti Ostona 18 iyul-1 avgust kunlari “Kelajak o‘yinlari-2026”ga mezbonlik qiladi. Ko‘pgina mamlakatlar qatori O‘zbekiston sportchilari ham ushbu nufuzli sport tadbirlariga hozirlik ko‘rmoqda.

Kelgusi yilning 11 iyun-19 iyul kunlari AQSH, Meksika va Kanada davlatlarida futbol bo‘yicha tashkil etiladigan Jahon chempionati millionlar o‘yinining dunyodagi ixlosmandlari qatori o‘zbekistonlik muxlislar diqqat markazidagi musobaqa bo‘lishi shubhasiz.

2026 yilning O‘zbekiston sportchilari uchun eng e’tiborli musobaqalaridan yana biri, oktyabr-noyabr oylarida Yaponiyaning Aichi-Nagoya hududida o‘tadigan yozgi Osiyo va para Osiyo o‘yinlaridir.

Shundan so‘ng, e’tiborimiz 2026 yilning 31 oktyabr-13 noyabr kunlari Senigal Dakar shahrida tashkil etilishi kutilayotgan yoshlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari hamda  yilning so‘nggi oyi dekabrda Saudiya Arabistonida bo‘ladigan yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘ycha uyushtiriladigan Osiyo o‘yinlariga qaratiladi.

Ko‘rinib turibdiki, sport muxlislari o‘tayotgan yildagidek kelayotgan yangi yilda ham qiziqarli sport bellashuvlariga, shiddatli bahslarga guvoh bo‘ladi. Istagimiz, mazkur nufuzli sport tadbirlarida Vatanimiz nomi bot-bot jaranglasin, madhiyamiz baralla yangrasin, bayrog‘imiz sarbaland bo‘lsin.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA