Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi yil zavqi (+video)
11:02 / 2023-12-20

Har yili dunyo ahli Yangi yil kirib kelishini ko‘tarinki ruxda kutib oladi, shu jumladan o‘zbekistonliklar ham yilning yakuni, yangi yil boshlanishini yuqori haroratda, o‘yin-kulgi bilan, to‘kin dasturxon atrofida kutib olishni hush ko‘radilar.

Bu borada respublikamizning barcha hududlarida bolajonlarga quvonch ulashish maqsadida bayram archalari bezatildi, yaqin kunlarda ular atrofida qorbobo va qorqiz, ertak qahramonlari jam bo‘lishadi. Joriy yilda jami 250 ta ob’ektlarda bayram tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlarda taxminan 1 mln nafar fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda. Masalan, Samarqand shahridagi bog‘ va xiyobonlar, markaziy ko‘chalar bayram ruhiga mos bezatilmoqda. Teatr maydonida ulkan archa o‘rnatilib, bayram sayillari va badiiy dasturlar namoyishi uchun shay holatga keltirildi. Shuningdek, ushbu hududga tutash “Ko‘ksaroy” maydoni ham turli xil illyuminatsiya vositalari, chiroqlar bilan yasatildi. Erta-indin bu joylarda bayram yarmarkalari, sahnalashtirilgan tomoshalar boshlanadi.  

Andijon viloyati ham bugun bayram taraddudida. Ommaviy sayillar o‘tkazilishi belgilangan hududlarda archa o‘rnatilib, turli ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga Andijon shahridagi qator mahalla guzarlari, aholi gavjum maskanlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda.   Andijonliklarning bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta’minlash, narx-navoni keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida tashkil etilgan savdo yarmarkalarida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kelinishi, ularning arzon narxlarda aholimizga sotilishini ta’minlamoqda.  

- Mahallamiz hududida asosan ko‘p qavatli uylar joylashgan, - deydi Andijon shahridagi “Barkamol avlod” mahallasida yashovchi Odinaxon Azizova. - Yangi yil bayrami savdo yarmarkasi ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun katta qulaylik yaratdi. Yarmarkalarda aholi uchun eng zarur oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining nisbatan arzon narxlarda sotilayotganligidan barcha xursand bo‘lmoqda.  Mazkur yarmarkalarda bobodehqonlar tomonidan yetishtirilgan sifatli va sarxil mevalar, sabzavot va poliz, shuningdek, asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq, umuman, 50 dan ortiq turdagi aholi uchun zarur oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridorlarga taqdim etilmoqda.

Farg‘ona ham bugun bayram taraddudida. Yangi yil archasi aholi uchun qulay joyga o‘rnatildi. Shu bilan birga barcha hududlarda arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari tashkil etilmoqda. -  Farg‘ona shahar “Markaziy dehqon bozori”da 15 dekabrdan 15 yanvargacha xalqimizga arzonlashtirilgan yarmarka tashkil etdik. Yarmarkamizda 50 turga yaqin mahsulotlar zahirasi mavjud. Ular sifatli va arzon narxlarda sotilmoqda. Yangi yil bayrami kunlarida asosan xalqimizning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoji ortadi. Narxlarning arzon bo‘lishiga sabab, “Daladan – dasturxonga” tamoyili asosida dehqonlar uchun savdo yarmarkalaridan joy ajratilganidir. Ish tartibi ertalab 6:00 dan kechgi 19:00 gacha davom etmoqda, – deydi bozor rahbari o‘rinbosari Rasuljon Abdullayev.  

- Yarmarkada hamma narsa bor, shukur. Mahsulotlarni istalgan usulda to‘lov qilib, xarid qilyapmiz, – deydi xaridor Saidbek O‘rmonov.  

Xalqimizning bayram kayfiyatini yanada ko‘tarishga xizmat qilayotgan arzonlashtirilgan “Maxsus yarmarka savdolari” barcha viloyat, tuman va shahar markazlarida davom etmoqda.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/vOCCpjsE0wg" title="Yangi yil zavqi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

S.Toshpo‘latov, Muattar Mahmudova, F. Ubaydullayev, Elyor Olimov, Z. Umrzoqov, N.Abduvoyitov,

O‘zA