Termiz shahridagi Amu sohillari mahallasida “Avto servis xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari bunyod etgan 620 xonadonli 31 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokchilarni Yangi yil bilan tabriklab, mamlakatimizda aholini barcha qulayliklarga ega uy-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Yangi xonadonlarning sohibu sohibalariga tinch, to‘kin turmush tiladi. Bolajonlarga Yangi yil sovg‘alarini ulashdi.


Zamonaviy qurilish materiallaridan barpo etilgan shinam uy-joylarda farovon yashash uchun barcha sharoit yaratilgan. Zarur muhandislik kommunikatsiyalari va qulay infratuzilma bilan ta’minlangan. Xonadonlarni imtiyozli shartlarda xarid qilish uchun ham qulay imkoniyat berilgan.
Joriy yil viloyatda 9 ming 200 xonadonli 156 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishiga poydevor tashlangan edi. Hozirgacha ularning yuzga yaqini foydalanishga topshirildi. Olti mingga yaqin oila yangi uy-joyli bo‘ldi. O‘tgan 9 yilda vohada 31 mingta oilaga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy qurilib, aholining turar-joy bilan ta’minlanganlik darajasi qariyb 70 foizga yetdi. Yangi yilda Termiz shahrida yana 3 ming 500 xonadonli 55 ta, Denov tumanida 1 ming 700 xonadonli 25 ta, Qumqo‘rg‘on tumanida 850 xonadonli 15 ta osmono‘par yangi uy barpo etish rejalashtirilgan.


Shu kuni Termiz shahrining Jo‘yjangal mahallasidagi kanal bo‘yida “Termiz qurilish industriya sanoati” mas’uliyati cheklangan jamiyati barpo etgan yangi sayilgoh va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham ishga tushirildi. Qiymati 6,5 milliard so‘mlik loyiha doirasida 90 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Viloyatda ko‘p qavatli zamonaviy uy-joy va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy soha inshootlarini foydalanishga topshirish davom etmoqda.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri