Bolajonlarning qishki ta’tilini maroqli va shod-xurramlikda o‘tkazishlari uchun bugun turli sayilgohlarda, park va alleyalarda hamon bayram ruhi davom etmoqda.
Ko‘ngilochar dasturlarni yuqori kayfiyatda tomosha qilib, sayr qilib yurgan yurtdoshlarimizni ko‘rib har bir insonning dili quvonadi. Ayniqsa bolajonlarning sho‘x-shodon kulgilari bu bayramga o‘zgacha bir fayz bag‘ishlaydi. Shu kunlarda ob-havo ham ularni o‘z tafti bilan siylayotgandek, iliq va yoqimli.
Jumladan, Toshkentning asosiy Yangi yil archasi tadbirlari o‘tkaziladigan Alisher Navoiy nomidagi kutubxona qarshisidagi keng maydonda turfa chiroqlar yog‘dusida shaharliklar va poytaxt mehmonlari 35 metrlik archa atrofida xushchaqchaqlik bilan vaqtlarini o‘tkazmoqdalar. Archaga mos baland bo‘yli qorbobo va qorqiz, ertak qahramonlari, xilma-xil atraksionlar, bolalar va kattalar uchun sahnada yangrayotgan kuy-qo‘shiqlar, ko‘ngilochar dasturlar barchaga xush kayfiyat ulashmoqda. Xullas, barcha-barchasi yurtimiz aholisi va kelayotgan mehmonlarning a’lo kayfiyatda, yaxshi ta’surotlar bilan bayramni nishonlashlari uchun qaratilgandir.
Bundan tashqari “Yangi yil”ga bag‘ishlangan shou dasturlar teatr va sirklarda ham yuqori haroratda davom etib, bolajonlarning qishki ta’tilini mazmunli va maroqli o‘tkazishlariga xizmat qilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pZrEt8sO1CA" title="Yangi yil tomoshalari davom etmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA