Yurtimizda Yangi yil shukuhi kezmoqda. Yangi O‘zbekistonimiz bayram tarovatiga bezangan. Xalqimiz qalbida quvonch bilan Yangi yilni qarshi olmoqda. Mehnat jamoalari, aholi maskanlari, har bir xonadonda bayram tadbirlari, tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Ayniqsa, bundan bolajonlarimizning quvonchi cheksiz. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham bayram tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Yangi yil bayrami hammadan ko‘ra, kombinat ishchi-xodimlari farzandlariga cheksiz quvonch ulashmoqda. Bayram munosabati bilan kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan bolajonlarga tuhfa etilayotgan Yangi yil sovg‘alari, madaniyat va sport muassasalarida tashkil etilayotgan bayram tadbirlari barchada katta taassurot uyg‘otmoqda.
Ayni paytda Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Yangi yil – mo‘’jizalar vaqti” nomli teatrlashtirilgan konsert shou-dasturi, “O‘g‘irlangan Yangi yil” nomli, Zarafshon shahridagi “Alpomish” sport majmuasidagi bayram tadbiri, Samarqand viloyati Zarkent qo‘rg‘onidagi “Konchi” madaniyat uyida “Ezgulik hamisha g‘olib” nomli, Uchquduq shahridagi “Uchquduq” va Nurobod shahridagi “Nurobod” madaniyat saroylarida “Yangi yil mo‘’jizasi” nomli ertaklar namoyishi, shuningdek, “So‘g‘diyona” sport saroyi va joylarda o‘tayotgan “Archa bayramlari”, Qorbobo va Qorqiz hamda turli ertak qahramonlari ishtirokida davom etayotgan qiziqarli namoyishlar, sahna ko‘rinishlari, bayram sovg‘alari murg‘ak qalblarga o‘zgacha quvonch, bayram kayfiyatini ulashmoqda.
[gallery-26975]
Ayniqsa, teatrlashtirilgan tomoshalar, rang-barang sahna ko‘rinishlari, obrazlar, musiqalar, yorqin liboslar, ajoyib manzaralar, ertaklarning g‘aroyib olami, sehrli muhit, qalblarni zabt etayotgan har bir rol, ovoz, mimika, so‘z, intonatsiya va harakatlar hamma-hammaga bayramona kayfiyat bag‘ishlayotganini ko‘rib, o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Bu, barchaga madaniy hordiq chiqarish bilan birga, yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ham ega ekanini his etdik.
- Har yili farzandlarimni “Farhod” madaniyat saroyidagi tomoshalar, archa bayramiga olib kelaman. Farzandlarim ertaklarga juda o‘ch. Ko‘rib turibsiz, bu yilgi “O‘g‘irlangan Yangi yil” nomli ertaklarni tomosha qilib, uynab-kulib chiqayapmiz. Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, “Farhod” madaniyat saroyi badiiy jamoalari tomonidan kechki paytlarda navoiyliklar uchun namoyish etilayotgan konsert dasturlari ham shahrimiz aholisi va mehmonlarga bayram kayfiyati ulashmoqda. Tadbir tashkilotchilari – kombinatimiz ma’muriyati va Kasaba uyushmasi kengashimizgaga rahmat! Bu yilgi bayramga juda katta tayyorgarlik ko‘ribdi, - deydi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi muhandisi Nodira Umarova.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati va bo‘linmalarida Yangi yil bayramlari davom etmoqda...
Dildora KARIMOVA,
“Navoiy KMK” AJ Matbuot xizmati muxbiri.