Buxoro viloyati Romitan tumanida maktabgacha ta’lim tashkiloti tizimini rivojlantirish, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb etish, bolajonlarni maktabga sifatli tayyorlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi yil bayrami arafasida “Chandir” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholining ko‘p yillik tashvishi ijobiy yechimini topib, bu manzilda zamonaviy andozadagi 120 o‘rinli 30-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirilgani ayniqsa, ota-onalarni juda xursand qildi.


Mahalliy pudratchi Doston Roziqov rahbarligidagi “Doston meliorativ qurilish” MCHJ binokorlari tomonidan qurib bitkazilgan muassasaning loyiha qiymati 1 milliard 391 million so‘mni tashkil etdi. Foydalanishga topshirilayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotida barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, 3 ta guruh xonasi, mashg‘ulot xonalari talab darajasida jihozlangan.
– Mazkur ikki qavatli shinam muassasamizda ertamiz egalari uchun alohida oshxona, talab darajasida jihozlangan musiqa xonasi, yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini maroqli o‘tkazish imkoniyatini beruvchi ayvon shay qilingan, – deydi 30-sonli MTT mudirasi Shohida Rajabova. – Shu bilan birga, bolajonlarni sportga bo‘lgan qiziqishlarini inobatga olib, bolalar sport maydonchalari bunyod etilgan. Muhimi, bunda o‘nga yaqin tarbiyachi bolajonlar ta’lim-tarbiyasiga bevosita mas’ul qilib biriktirilgan.


Maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimida tuman hokimligi, ma’muriy sektor rahbarlari, tegishli tashkilot mas’ullari, mahalla nuroniylari, ota-onalar va jajji bolajonlar hozir bo‘ldi. Tadbirda bolalar bog‘chasini talab darajasida shinam barpo etishda jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilarga minnatdorlik bildirildi. Bu maskan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishda samarali ish olib borishiga ishonch bildirildi.
Mahalla husniga ko‘rk bo‘lib tushgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilishida ramziy lenta qirqilib, yig‘ilganlar shinam inshootda bolajonlar uchun yaratilgan qulayliklar, shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri