Shu kunlarda “Nurafshon Business City” hududidagi amfiteatr maydonida chinakam Yangi yil bayrami shukuhi hukmron bo‘lgan. 30 metrlik muhtasham archa chiroqlari porlayotgan katta archa 28 mingdan ziyod zumrad o‘yinchoqlar bilan bezatilgan.
Uning rasman ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida viloyat faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Birgalikda viloyatdagi Yangi yil bayram tadbirlariga rasman start berildi. Maydonda o‘rnatilgan dekorativ jihozlar, bezakli atributlar Yangi yil ruhi va falsafasiga mos muhitni hosil qilgan. Bu yerdagi tadbirlar aholi vakillari va viloyat mehmonlari, ayniqsa, bayramning bosh “qahramonlar”i bo‘lgan kichkintoylar uchun har taraflama qulay, xavfsiz tarzda o‘tishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Shuningdek, bayramni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish va jajji bolajonlarni xushnud etish uchun 100 nafar qorbobo va qorqiz jalb etilgan. E’tiborlisi, joylarda aholi, ayniqsa, bolajonlar uchun bunday bayramona muhit yaratishda zarur xavfsizlik talablariga rioya qilingan. Rejaga ko‘ra, bosh archa maydonida bayram shodiyonalari har kuni soat 10:00 dan 22:00 gacha davom etadi.
[gallery-26870]
Teatrlashtirilgan tomoshalar, badiiy jamoalar chiqishlari, san’at ustalari va ijodkor yoshlar ishtirokidagi konsertlar, shuningdek, bayram timsollari – Qorbobo va qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokidagi dasturlar tashkil etilmoqda. Bayram tadbirlari 2026 yil 10 yanvarga qadar davom etadi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.