Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi yil sarguzashtlari” bolajonlarga quvonch ulashmoqda (+video)
11:59 / 2024-12-29

Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan yangi yil bayrami kunlari bolajonlar uchun “Yangi yil sarguzashtlari” deb nomlangan teatrlashtirilgan bayram tomoshalari namoyish etilmoqda.

Qish beg‘ubor va orzu-umidlar faslidir. Ana shunday pok his-tuyg‘ular har bir qalbni shubhasiz, shirin va totli lahzalarga oshno etadi. Ushbu faslning ko‘rkli bayrami Yangi yil esa bolajonlarga olam-olam quvonch, kattalarga yoshlik sururini bag‘ishlaydi.

Yangi yil bayrami kunlarida viloyat bolalar qo‘g‘irchoq teatrida ham jo‘shqin va bayramona hayot kechmoqda. Teatr jamoasi yangi yil bayramiga ko‘tarinkilik baxsh etish, bolajonlarga quvonch ulashish maqsadida o‘ziga xos bayram tuhfasini tayyorlagan.

– Ijodiy jamoamiz Yangi yil bayrami munosabati bilan ijodkor Ravshan Hamroz ssenariysi asosida sahnalashtirilgan “Yangi yil sarguzashtlari” bayram tomoshasini namoyish etmoqda, – deydi teatr rahbari Hilolaxon Ziyayeva. – Maqsadimiz, tomoshalar orqali bolajonlarga quvonch, bayramona kayfiyat, ularning qalbiga ezgulik ulashishdir.  

Yangi yil bayrami tomoshalari bolajonlarni sehrli va mo‘’jizaviy ertaklar olamiga olib kiradi. Spektaklda asosiy qahramonlar Qor malikasi, Grinch, Santa bobo, elflar va Yalmog‘iz kapmir timsolida yaxshilik va ezgulik hamisha  yovuzlik ustidan g‘olib bo‘lishi, yomonlar albatta jazosini olishi, kimdir o‘zgaga choh qazisa, alal oqibat unga o‘zi tushishi qiziqarli syujetlar orqali ko‘rsatib beriladi.  

Bolajonlarning yuz-ko‘zlaridagi quvonch, bayramona kayfiyatni ko‘rib, beixtiyor ularga havasingiz, quvonchlariga sherik bo‘lgingiz keladi.  

–“Yangi yil sarguzashtlari” bayram tomoshasi juda qiziqarli ekan, do‘stlarim bilan maza qilib ko‘rdik, – deydi Andijon shahridagi 19 - umumta’lim maktabi o‘quvchisi Temurbek Rustamov. – Bayram tomoshalari men qatori barcha tengdoshlarimda unutilmas taassurotlar qoldirdi.  

Andijon viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasining Yangi yil bayrami tomoshalarida turli ertaklar qahramonlari orqali rostgo‘ylik, halollik va hamisha ezgulikka intilib yashashdek yuksak insoniy fazilatlar ulug‘lanadi.  

Viloyat qo‘g‘irchoq teatrining Yangi yil bayrami tomoshalari davom etmoqda.  

<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/vPzykGvLqrc" title="“Yangi yil sarguzashtlari” bolajonlarga quvonch ulashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari