Yangi yil bayrami bolalar uchun eng sevimli va intiqlik bilan kutilgan ayyomlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, bayram arafasida sovg‘alar va samimiy tabassumlar bolajonlar qalbiga alohida quvonch ulashadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Samarqand viloyati bo‘limi tasarrufidagi nogironligi bo‘lgan fuqarolarning farzandlariga Yangi yil sovg‘alari tarqatildi.
Bayramona muhitda o‘tgan tadbirda bolalarga turli sovg‘alar topshirilib, ularning yuzlarida quvonch va samimiy tabassum namoyon bo‘ldi. Forma kiygan Majburiy ijro byurosi xodimlari bu gal bolalar uchun Qorbobo vazifasini bajarib, ularga unutilmas bayram kayfiyatini ulashdi.

Tadbirning asosiy maqsadi — nogironligi bo‘lgan shaxslar oilalarini, ayniqsa, ularning farzandlarini qo‘llab-quvvatlash, bolalarga bayramona kayfiyat bag‘ishlash hamda jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iborat.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi rahbariyati va xodimlari bolajonlarni Yangi yil bilan qutlab, ularga sog‘liq, baxt va kelajakda ulkan yutuqlar tiladi.

Hamroz Bayanov, O‘zA