Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi yil o‘ylari: xalqning niyatlari va yurtda olib borilayotgan islohotlar uyg‘unlashganda
18:59 / 2024-01-02

Munosabat

Yangi yilning dastlabki kunlar. Odam o‘zini yo‘l boshida turgandek his qiladi. Yangi-yangi, nurli manzillar ko‘ngilga tugiladi. Yaxshi niyatlar bilan, aniq rejalar asosida boshlangan ish xayrli bo‘ladi. Hamma, ilohim, ezgu niyatlari ro‘yobini ko‘rsin.  

Ortda qolgan yil elmiz uchun har jihatdan barakali bo‘ldi. Ertamiz undan ham nurli bo‘lsin. Yoshi ulug‘lar dasturxon atrofida duoga qo‘l ochadi. Yangi yil ham yaxshiliklarga boy bo‘lishini, farzandlar kamolini ko‘rishni, dasturxonlar to‘kinlinigini tilaydi.

Xalqning o‘y-fikrlari va mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning uyg‘unlashuvi yuksak natijalarni kafolatlovchi omillardan biri sanaladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Yangi yil tabrigi katta quvonch bilan qabul qilindi. 2024 yilning mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilingani esa barcha soha vakillari tomonidan olqishlandi.

Yangi yil shukuhi kezib yurgan shu kunlarda ba’zi yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalari, yangi yildagi rejalari bilan qiziqdik.

– Yangi yilga berilgan nomga e’tiboringizni qaratmoqchiman, – deydi Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov. –  Yoshlar ertasiga daxldor jihatlarga yangilangan Konstitutsiyamizda alohida e’tibor qaratilgan. Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi kafolatlandi. Ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishi rag‘batlantiriladi. Shuningdek, yoshlarimizning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish aniq belgilangan. Biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida ham bosh qomusimizda alohida moddalar mavjud. Bu yurtimizda olib borilayotgan islohotlar bardavomligini, uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan xayrli ishlar o‘zining yuksak natijalarini berishini anglatadi.

Darhaqiqat, Bosh qomusimizda fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi keltirilgan. Hujjatda davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi qayd etilgan.

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasining asosiy g‘oyalari qatoriga ham barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish masalasi kiritilgan.  

– Yangi yilga berilgan nomda mamlakatimizdagi islohotlarning uzviy davomini ko‘rdik, – deydi sirdaryolik tadbirkor, “Do‘stlik” ordeni sohibi Barchinoy Usmonova. – Keyingi yillarda yurtimizda tadbirkor ayollarga keng imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda. Men ana shu qulay biznes muhitidan samarali foydalanayotganlardan biriman. Loyihalarim, yutuqlarimdan yoshlarni hamisha xabardor qilishga harakat qilaman. Yolg‘iz otning changi chiqmas deyishadi. Ishlarimiz ko‘zga ko‘rinishi, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilishi uchun safimiz yanada kengayishi kerak. Yilni kuch-g‘ayrat bilan boshladik. Istiqbolda rejalarimiz katta.

Iqtisodiyotning eng tez o‘sib borayotgan yo‘nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, «korxona — oliygoh — ilmiy tashkilot» klaster tizimini joriy etish «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining muhim maqsadlaridan sanaladi. Iqtisodiyot tarmoqlarining «drayver» yo‘nalishlarida 850 turdagi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilganini alohida ta’kidlash lozim.

– Strategiyada yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan, – deydi jizzaxlik tadbirkor, “Shuhrat” medali sohiba Akmal Ahmedov. – Bu hujjatda to‘rt yuz ming nafar yoshning bandligini ta’minlash va muammolarini hal etishga erishish maqsad qilingan. Mana shu yo‘nalishga o‘zimni daxldor sanayman. Davlatimizning rahbarining xalqimizga Yangi yil tabrigini tinglar ekanman, istiqboldagi rejalarim yanada ravshanlashdi. Bugungi kunda avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, bunyodkorlik, baliqchilik, issiqxona yo‘nalishida faoliyat olib boramiz. Tadbirkorlik sub’ektimiz tizimida hozirgi kunda uch yuztagacha doimiy ish o‘rni yaratilgan, to‘rt yuzta mavsumiy ishchilarimiz bor. Yangi yilda doimiy ishchilarimiz sonini mingtaga yetkazish niyatidamiz.  

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatimizda o‘tgan yili yuqori texnologik zamonaviy sanoat korxonalari, logistika va infratuzilma tarmoqlari, bog‘cha va maktablar, madaniyat va sport ob’ektlari barpo etildi. Yangi-yangi ish o‘rinlari ochildi. Aholi yashash manzillari obod bo‘lmoqda. Bu ezgu ishlar yangi yilda ham izchil davom etishidan xalqimiz mamnun.  

 

Ikrom Avvalboyev, O‘zA