Azaliy an’anaga muvofiq, Jizzax shahri markazida Yangi yil bosh archasi qad rostladi. Bu yil u avvalgi yillardan farqli ravishda yanada zamonaviy va ko‘rkam qiyofada barpo etildi.
Bayramning asosiy tomoshalari o‘tadigan Yoshlar shaharchasi bundan keyin ham “Ochiq osmon ostidagi yoshlar klubi” sifatida jamoatchilikka xizmat qiladi. Undagi bosh archaning balandligi 30 metr, diametri 33 metrdir.
– Salkam bir oy davomida boshqarmamizning 50 nafar ishchi-xodimlari va 5 ta maxsus texnika ishtirokida bayram bosh archasini o‘rnatish, yoritish va bezatish ishlari to‘liq yakunlandi. Archa geliy materialidan tayyorlangan bo‘lib, tabiiyga juda o‘xshaydi, yonuvchanlik darajasi past. Shu bilan birga, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan yong‘inga qarshi ishlov berildi. Archaning barqarorligi maxsus loyiha-smeta xulosalari asosida ta’minlanib, har biri 10 tonna yukni ushlab tura oladigan 35 ta tros bilan mustahkamlandi. Maydonga tashrif buyuruvchilarning xavfsizligi va bayramni ko‘ngildagidek o‘tkazishlari uchun barcha choralar ko‘rilgan, – deydi Jizzax shahar obodonlashtirish boshqarmasi tashqi yoritish tizimidan foydalanish uchastkasining boshlig‘i Zohid Po‘latov.
[gallery-26849]
Maydonni bezash va yoritish ishlari ham o‘ziga xos uslubda amalga oshirildi. Musiqaga mos o‘chib-yonuvchi rang-barang chiroqlar, 360 darajaga aylanuvchi nur taratgichlar va lazer yoritish vositalari tungi paytda haqiqiy ertaknamo manzara yaratadi.
Yoshlar shaharchasi bo‘ylab o‘tgan turizm ko‘chasi esa betakror go‘zallikni aks ettiruvchi qandillar bilan bezatilib, yangi dekorativ chiroqlar o‘rnatildi. Barcha yoritish ishlarida energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilgani ham e’tiborlidir.
Shuningdek, shaharcha hududida kuzgi-qishki gullar, yosh mojjovelnik nihollari ekilib, tashqi landshaft yanada obod va ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Bayram archasi atrofida savdo yarmarkalari, ko‘ngilochar o‘yinlar va attraksionlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hademay qishki ta’tilga chiquvchi bolajonlar uchun ayni muddao bo‘ldi.
Jizzax shahridagi Yangi yil markaziy archasidan tashqari, “Ko‘ksaroy” savdo majmuasi, O‘rda ekobog‘i maydoni hamda viloyatning barcha tuman markazlarida ham bayram archalari o‘rnatildi.
Yoshlar shaharchasidagi markaziy archaning tantanali ochilish marosimi yig‘ilganlar uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Yoshlar innovatsion markazidan boshlangan qorbobolar orkestri karvoni Yoshlar sayilgoh ko‘chasi bo‘ylab sayr qilib, bayram kayfiyatini butun shaharga ulashdi. Yonib turuvchi liboslardagi qorbobo va qorqizlar, quvnoq musiqa sadolari ostida aholiga chinakam Yangi yil shukuhini his ettirdi.
Musafffo qish havosi va poytaxtdan tashrif buyurgan san’atkorlarning chiqishlari bir-biriga uyg‘unlashib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi. Tadbir yakunidagi mushakbozlik esa bayram zavqini yanada oshirdi.
Jizzaxliklar va viloyatga tashrif buyurgan mehmonlar Yangi yil nafasini nafaqat markaziy bayram archasi atrofida, balki vohaning har bir tumanida, har bir qadamda his etishlari mumkin.
Abdujalol Qayumov (foto-reportaj), O‘zA muxbiri