Toshkentning asosiy Yangi yil archasi tadbirlari o‘tkaziladigan Alisher Navoiy nomidagi kutubxona qarshisidan keng maydonga bo‘yi 35 metr, diametri 13 metrdan ziyodni tashkil etgan va og‘irligi 7.5 tonna bo‘lgan bosh archa o‘rnatildi. Undagi 33 mingdan ziyod o‘yinchoqlar, 1500 dan ortiq bezaklari bolajonlar uchun haqiqiy ertak mo‘jizasini taqdim etdi. Yangi yil tantanalarini qorbobolar paradi boshlab berdi. Jo‘shqin musiqa sadolari ostida Amir Temur xiyobonidan kelgan qorbobolar bosh archa atrofida o‘z san’atlari bilan kelganlarga yuqori kayfiyat ulashishdi.
Darhaqiqat, har yili yurtimizda Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda kutib olish yaxshi an’anaga aylangan. Bolajonlar va ularning ota-onalariga yuqori kayfiyat ulashish maqsadida konsert dasturlari, ertak qahramonlari ishtirokidagi turli shoular, rang-barang dasturlar qishki ta’til zavqini yanada oshiradi.
<iframe width="1188" height="668" src="https://www.youtube.com/embed/Tjk00gI4sZs" title="Yangi yil bosh archasi barchaga quvonch ulashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bosh archa atrofida xilma-xil atraksionlar, turli ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun 6 ta nuqtada huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari xavfsizlikni ta’minlaydilar. Ular detektorlar bilan har fuqaroni nazoratdan o‘tkazmoqdalar. Atrofga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari yuzni taniy oladi va olingan ma’lumotlar Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining situatsion markaziga uzatiladi. Shu bilan birga Favqulodda vaziyatlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari tajribali xodimlari ham jalb qilingan. Maydon atrofida 4 ta yirik avtoturargoh tashkil etildi.
Bundan tashqari poytaxt tumanlarida ham aholi uchun qulay va yaqin manzillarda bayram archalari o‘rnatilib, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xullas, bayram tadbirlarini fuqarolar ko‘tarinki ruhda va xavfsiz kutib olishlari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA