Huquqiy munosabat
Qonunchiligimizda mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilmagan rag‘batlantiruvchi mukofot bir marta beriladigan xususiyatga ega bo‘lgan hamda ish beruvchining qaroriga ko‘ra xodimning oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishganligi uchun emas, balki muayyan voqealar, jumladan, bayram sanalari munosabati bilan to‘lanadigan pul mukofotidir.
Xo‘sh, yangi yil bayrami ham mukofot beriladigan bayramlardanmi?
Bu haqdaToshkent davlat yuridik universiteti, Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi Malika Eraliyeva quyidagilarni ma’lum qildi.
-Mukofotlash, ish haqi asosiy qismiga doir qo‘shimcha toʻlovlar va ustamalar, boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar tizimlari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Agar jamoa shartnomasida yoki boshqa ichki hujjatda barcha xodimlarga bayram munosabati bilan mukofot puli berish majburiyati belgilangan boʻlsa, ish beruvchi uni berishi shart. Aks holda, bu qarzdorlikni keltirib chiqaradi. Masalan, ta’lim muassasasi jamoa shartnomasida barcha xodimlar uchun ishlanmaydigan bayram kunlarida mukofot pullari berilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, ish beruvchi ushbu mukofot pullarini xodimlarga berishga majbur.
Aks holda, ushbu holat yuzasidan xodimlar o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida tegishli tashkilotlarga shikoyat qilishlari mumkin. Agar ichki hujjatlarda bayram pullarini berish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, mukofot berish majburiy emas, u ixtiyoriy hisoblanadi.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, mukofotlashda kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mehnat kodeksining 4-moddasiga ko‘ra, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash mumkin emas.
Xuddi shuningdek biror-bir to‘g‘iridan-to‘g‘ri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitishdir.
Masalan, Yangi yil munosabati bilan faqatgina ayollarga yoki faqatgina ma’lum bir millatga mansub xodimlarga mukofot pullarini berish boshqa xodimlarning huquqlari kamsitilishiga sabab bo‘ladi.
Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, Mehnat kodeksining 299-moddasiga muvofiq, xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilganda va uning amal qilish davrida ushbu xodimga bayram pullari to‘lanmaydi va bu kamsitilish hisoblanmaydi.
Bayram mukofot pullarini bayramdan oldin ham, keyin ham berish mumkin — qonunchilikda aniq muddat belgilanmagan.
Byudjet tashkilotlarida mukofotlash tartibi faqat qonunchilikda belgilangan holatlarda amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, Yangi yil munosabati bilan xodimlarga mukofot pullarini berish xodim ishlaydigan korxonaning jamoa shartnomasida yoki boshqa ichki hujjatida nazarda tutilgan bo‘lsa, beriladi, aks holda, berilmaydi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA