Samarqand viloyatining Payariq va Jomboy tumanlarida yangi mahalla markazlari foydalanishga topshirildi.
Payariq tumanidagi Ko‘paki mahallasi shu paytgacha moslashtirilgan binoda faoliyat ko‘rsatar edi. Mahalla ahlining tashabbusi va tuman hokimligining ko‘magi asosida fuqarolar yig‘ini uchun hashar yo‘li bilan ko‘rkam bino barpo etilib, yettilik a’zolarining samarali ishlashi uchun sharoit yaratildi.

Do‘stlik mahallasi markazi binosi ham aholining hamjihatligi natijasi sifatida hashar asosida qurildi. Binolarni jihozlash, mahalla yettiligi va aholi uchun qulay sharoit yaratishga mahallalar uyushmasi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Yangi binolarning ochilishida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi va tuman hokimligi rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Jomboy tumani No‘sh mahallasi aholisi ham joriy yilgi “Tashabbusli byudjet” loyihasining birinchi mavsumida ishtirok etib, 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan edi. Ushbu mablag‘ hisobidan hududda nuroniylar choyxonasi, yoshlar guzarini o‘z ichiga olgan mahalla markazi bunyod etildi.

Markazning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ushbu ezgu tashabbusni amalga oshirishda faol ishtirok etgan aholi vakillari va quruvchilarga minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborovning ma’lum qilishicha, hozir yana o‘ndan ortiq mahalla uchun yangi binolar qurish ishlari davom etmoqda va bu binolar ham yaqin orada foydalanishga topshiriladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri