Narx-navo barqarorligini ta’minlash prokuratura organlarining doimiy nazoratida.
Yangi yil bayramining yaxshi kayfiyatda o‘tishi bozorlar to‘kinligi, narx-navoning mo‘’tadilligiga ham bog‘liq. Shuning uchun Prezidentimiz tomonidan bozorlarni zaruriy mahsulotlar bilan to‘ldirish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Topshiriq ijrosini ta’minlash bo‘yicha savdo rastalari mahsulotlar bilan to‘ldirilib, dehqon bozorlari va yirik savdo ob’ektlarida yarmarkalar tashkil etildi. Muhimi, ularga mahsulotlar arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berilmoqda.
Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli Bosh prokuror tomonidan joylarga chiqqan holda tizimli ravishda o‘rganilmoqda.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i Dilshod Rahimov bugun Toshkent shahrining “Mirobod”, “Askiya”, “Chilonzor”, “Farhod” va “Eski jo‘va” dehqon bozorlarida bo‘lib, mavjud ahvol bilan yaqindan tanishdi.
Qayd etilgan bozorlarda, boshqa barcha hududlardagi kabi Yangi yil bayrami munosabati bilan arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari tashkil etilgan.
Jumladan, o‘rganilgan besh bozordagi narx-navoning barqarorligini ta’minlash uchun jami 15 nafar prokuratura va departament organlarining xodimlari biriktirilgan.
Yarmarkalarga Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarining fermer va dehqonlari hamda qariyb 100 nafar ulgurji savdo hamda ishlab chiqarish korxonalari biriktirilib, ularga 350 rasta ajratilgan.
Ushbu dehqon bozorlarida hafta boshidan buyon 2 ming 586 tonna 30 xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda sotildi.
267 tonna go‘sht,7 million 600 ming donadan ortiq tuxum, 722 tonna kartoshka, 160 tonna shakar, 136 tonna guruch aholiga hamyonbop narxda yetkazib berilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, baliq, konserva, salqin va spirtli ichimliklar, sut mahsulotlari, mevalar, shu jumladan, sitruslar hamda turli shirinliklar savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Ichki iste’mol bozorida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlanishi hamda belgilangan vazifalarni tizimli ravishda davom ettirish to‘g‘risida Bosh prokuror tomonidan mas’ullarga aniq ko‘rsatma
va topshiriqlar berdi.
N.Abduraimova, O‘zA