Yangi yil arafasida Guliston tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan fermer va dehqonlar, soha mutaxassislari sharafiga bag‘ishlangan an’anaviy hosil bayrami tantanali ravishda nishonlandi. “Malika” tantanalar saroyida tashkil etilgan tadbir ko‘tarinki kayfiyat va bayramona ruhda o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev yig‘ilganlarni kasb bayrami va yakunlanayotgan yil munosabati bilan tabriklab, zahmatkash dehqon va fermerlarning mehnati tufayli tumanda qishloq xo‘jaligida barqaror natijalarga erishilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, joriy yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar hamda kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Bayram tadbiriga tumanning so‘nggi o‘n besh yillik ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan sobiq hokimlar taklif etildi. Bu, albatta, tadbirga alohida ko‘tarinkilik baxsh etdi. Ular tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida fidokorona mehnat qilib kelayotgan ilg‘or fermerlar, mutaxassislar va tomorqa egalariga esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi.
Tantanali marosim davomida soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan fermer xo‘jaliklari, dehqon va tomorqa egalari “Ilg‘or fermer” va “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonlari, qimmatbaho sovg‘alar hamda sayohat uchun vaucherlar bilan taqdirlanishdi.
Tadbirning badiiy qismida taniqli xonanda Dilshod Rahmonov, shuningdek, tuman madaniyat muassasalarining ijodkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bayram shukuhini yanada oshirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri