Yangi yil bayrami arafasida “Guliston” dehqon bozorida tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi aholi uchun haqiqiy bayram sovg‘asi va quvonch manbaiga aylandi.
Bozorda mahsulotlar mo‘lligi, narxlarning barqarorligi va rang-barangligi nafaqat dasturxonlarni to‘kin qilish, balki aholi kayfiyatini ko‘tarishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.


Sirdaryo viloyatida ishchi tashrifi bilan bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov viloyat rahbarlari hamrohligida mazkur bozorda ham bo‘lib, yangi yil arafasida oziq-ovqat ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, talab yuqori bo‘ladigan mahsulotlar uchun yetarli zaxiralar shakllantirish yuzasidan fikr almashdi.


Vazirning so‘zlariga ko‘ra, fermer va dehqon xo‘jaliklari ishlab chiqarish hajmlarini oshirishi, mahsulot sifati va turlarini boyitishda samarali faoliyat yuritishi orqali bozorlarda narx barqarorligi va mahsulot mo‘lligini ta’minlashga katta hissa qo‘shishlari kerak bo‘ladi.

Bozor ma’muriyati va tadbirkorlik sub’ektlari, xususan, “Bunyodkor Go‘sht-Sut Savdo Invest” MCHJ rahbariyatiga aholiga yetkazib berilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati va narxini muntazam nazorat qilib borish, bayram kunlari oziq-ovqat ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri